Diabetni davolasa bo‘larkan

Ilk muvaffaqiyatlar

Eksperimentda olti yildan kam bo‘lmagan muddat avval II tip qandli diabet tashxisi qo‘yilgan 20 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va ayollar ishtirok etishdi. Ulardan hech biri insulin qabul qilmagan, tana og‘irligi esa me’yoridan ortiq turli darajadagi semizlikda edi. Barchasi qat’iy parhezda bo‘lishga rozi bo‘ldilar. Har kuni ular qabul qiladigan kilokaloriya miqdori 825 dan 850 k/kaloriyagachani tashkil etardi. Bu ancha o‘ziga xos ochlik edi (taqqoslaymiz: odatda odam kuniga 2 ming k/kaloriyadan ko‘p ovqat yeydi).

Shu tarzda vaznni 15 kilogramm kamaytirish uchun avvalo 3 oy davomida parhez qilish tadqiqot maqsadi etib belgilandi. Ushbu davr mobaynida qon bosimini va qondagi qandni kamaytirish uchun dori qabul qilish man etildi. Ko‘pchilik diabetchilar arterial qon bosimi yuqoriligidan aziyat chekishadi. Ammo ular parhezga amal qilganda qon bosimi me’yoriga tushdi.
3 yoki 5 oydan so‘ng ular vaqtincha parhezdan chiqarilib, vaznni saqlashga e’tibor qaratildi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ular yana parhezga o‘tkazildi. Endi ularda tadqiqotning birinchi oylaridagiga qaraganda oqsillar va yog‘lar nisbati 11 foiz kam bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Vazn oshmasligi uchun bunday parhez vazn ko‘rsatkichiga qarab, 2 haftadan 8 haftagacha davom ettirildi.
Ammo ishtirokchilarning hammasi ham bu parhezga dosh berolmadi va oqibatda ortiqcha kilogramm orttirib oldi.

Oxirigacha chidab, sog‘ayib ketganlar

12 oy kuzatuvdan so‘ng tadqiqotlar oxirida natija shunday bo‘ldi: 36 kishi 15 kilogramm yoki undan ko‘proq ozdi (24 foiz). Diabetdan 68 ishtirokchi (46 foiz) batamom xalos bo‘ldi. Diabetdan qutilish taxmin qilinganidek, vaznning me’yorida bo‘lish darajasi bilan bog‘liq ekanligi isbotlandi. Semirish ushbu kasallik rivojlanishida bosh omildir. Eksperiment chog‘ida ozmagan yoki 5 kilogrammdan ziyod vazn yo‘qotmagan birorta ishtirokchi diabetdan xalos bo‘lolmadi. 10-15 va undan ko‘proq kilogramm ozgan diabetchilar esa batamom sog‘ayib ketdi va ularga endi ushbu vaznni saqlashga e’tibor qaratish tavsiya etildi. Tadqiqotchilar xulosasi shu bo‘ldiki, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilinsa, semirishdan saqlanilsa, diabet hech kimning salomatligiga tahdid solmaydi.

Diabetga qarshi parhez

Amalda har qanday sabzavot parhez asosini tashkil qiladi, tarkibida kartoshkadagi kabi ko‘p kraxmal bo‘lmasa bo‘ldi. Ayniqsa, ko‘katlar, sabzavotlardan tayyorlangan taomlar juda foydali, ammo hayvonlar yog‘i va mahsuloti, shakar, un, non, krupa, makaron, meva qo‘shish mumkin emas. Barcha shirinliklar man etiladi. Kungaboqar, zaytun va boshqa o‘simlik yog‘laridan foydalanish mumkin. Biroq ular tayyor taomga qo‘shiladi.
Tuzdan foydalanish cheklanadi. Suvni cheklovsiz ichish mumkin. Choy, qahva, shakarsiz sut ichishga ruxsat etiladi. Shakarli va har xil uglevodli sharbatlar, gazli va boshqa ichimliklar iste’mol qilish taqiqlanadi.

Tayyorlovchi: T.MUROD.