Me’yop unutilgan joyda taptib buziladi

Normurod SAYIMOV,
Past Darg‘om tumani
Qo‘qoni mahallasi: 

– To‘ylarni ixcham, kamxarajat qilib o‘tkazish davlat miqyosidagi masalaga aylandi. Bu bejiz emas, to‘y nafaqat ijtimoiy hodisa, balki millatimizning o‘ziga xos urf-odati, madaniyati, sha’ni, obro‘si masalasi ham. Prezidentimiz to‘ylarni tartibli o‘tkazish haqida gapirar ekan, ziyolilar, mahalla oqsoqollari, faollar, katta hayot tajribasiga ega nuroniylar, din vakillari oldiga aniq vazifalar qo‘ydi. Fikrimcha, to‘ylarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba, sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda, avvalo, xotin-qizlar qo‘mitalari, faollari ayollar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishi kerak. To‘ylarda turli ortiqcha rasm-rusumlar, sarpolar, kelin chorlar bahonasida to‘ydan keyingi dang‘illama to‘ylar ayollarimiz tashabbusi bilan bo‘layotir.
Toshmurod TOShNIYoZOV,
Kattaqo‘rg‘on tumani
Andoq mahallasi: 

– Keyingi paytlarda nikohmi, sunnat to‘y bo‘ladimi, albatta, nahor oshi berish an’anaga aylanib qoldi. Ayrim joylarda erta tongdan boshlangan nahor oshi tushlikka ulanib ketgan holatlarni ham ko‘rganmiz. Hatto spirtli ichimliklar qo‘yish urfga aylandi. Bu kabi marosimlar to‘y egasiga ortiqcha xarajat bo‘lishidan tashqari, ko‘pchilikning kundalik rejalari o‘zgarishiga, shuningdek, ishiga salbiy ta’sir qiladi. Endi to‘ylarimizni faqat tush vaqtiga mo‘ljallab o‘tkazish taklif etilyapti. Buning afzalligi shuki, taklif qilingan mehmonlar soni ixchamlashadi. Ikkinchidan, dasturxonga spirtli ichimlik tortilmaydi, mehmonlarning qimmatli vaqtlarini olib, kun bo‘yi ovoragarchilik bo‘lmaydi. Kechqurun restoranda ham dabdabali to‘y o‘tkazilmaydi. 
Hosila KELDIYoROVA,
Bulung‘ur tumani
Bulung‘ur mahallasi: 

– To‘ylarimizda xunuk odat bor. Buni "Chorlar", qishloqlarda "kelin chaqirdi" deyishadi. Undagi sarf-xarajat, sovg‘a-salom, yangi o‘ylab topilgan urf-odatlar asosiy to‘ydagi dabdabadan o‘n chandon oshib  tushadi. 
Mahalla oqsoqollari, faol xotin-qizlardan iborat to‘y komissiyalari ana shu tartibsizliklarning oldini olish uchun uy bekalari, kayvoni ayollar, onaxonlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari kerak.
Davron MUHAMMADIYeV,
Oqdaryo tumani
Kumushkent mahallasi: 

– To‘yga san’atkor chorlash dolzarb masalalardan biri sanaladi. Yillab to‘yiga tadorik ko‘rgan odam o‘z xonadonida o‘tkaziladigan tantanani o‘ziga ma’qul kunga belgilash imkoniyatidan mahrum. Chunki to‘y kunini taklif qilinadigan san’atkorlar o‘zlarining bo‘sh vaqtidan kelib chiqib belgilamoqda. Ba’zan ularning bo‘sh kunini kutib, reja qilingan to‘y vaqti oylab cho‘zilib ketadi. To‘ychi to‘yiga boshqa san’atkorni chorlay olmaydi, sababi, boshqalari ham band bo‘lishadi yoki yoshlar mashhur san’atkordan boshqasini xohlamaydi. Eng yomoni, falon so‘m evaziga to‘y kunini o‘zi belgilab, xizmatga bel bog‘lagan san’atkor fonogramma orqali qo‘shiq ijro etishadi. Stollar oralab pul terayotgan o‘yinchilarning noma’qul xatti-harakati esa kayfiyatni buzadi. Bunday otarchiyu o‘yinchilarni tartibga olish vaqti kelmadimi?  
Alisher BO‘LTAKOV,
Payariq tumani
Tohirshayx mahallasi:

– To‘ylarda yoshlarning "to‘y sayri" va "bar bazmi" marosimlari hayotimizga qanday kirib kelgani haqida hech kim bilmaydi. Xo‘sh, ular avval ham bo‘lganmi yoki keyinchalik paydo bo‘lganmi?
Keksalarning aytishicha, "to‘y sayri" avval ham bo‘lgan, lekin sal boshqacharoq, ya’ni, bu udum nikoh to‘ylariga o‘zgacha fayz bag‘ishlagan. Chunki milliy urf-odatlarga mos ravishda tashkil etilgan. Avvallari kelin aravada, keyinchalik mashinada yangalari va dugonalari qurshovida uzatib borilgan. Yo‘l bo‘yi baxt va muhabbatni, go‘zal hayotni madh etuvchi qo‘shiq va laparlar kuylangan.
Afsuski, bugungi "to‘y sayri" va undan keyin davom etadigan "bar bazmi" ning turgan-bitgani g‘alva. Aynan ana shu "sayr"lar mojaro va janjallar chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Yetakchining to‘yi Urgut tumani Qoratepa mahallasidagi to‘y esdan chiqmaydigan bo‘ldi

Hududda joylashgan 41-umumta’lim maktabining yoshlar yetakchisi Alijon Orziqulov va Sevara Amrillayevaning nikoh to‘yi haqiqiy ma’noda ibratli bo‘ldi. Kelin-kuyovning 150 nafar yaqinlari hamda mahalladagi kam ta’minlangan 4 oilaning qarindoshlari ishtirokida o‘tgan to‘y bazmida bu oilalarning to‘rt nafar farzandi sunnat to‘yi ham nishonlandi. 
– Dabdaba bilan o‘tkazilgan to‘y va uning keyingi mashmashalariga guvoh bo‘lganman, – deydi Alijon. – Shu bois ota-onalarimiz bilan maslahatlashib, kamchiqim to‘y qildik. Eng muhimi, iqtisod qilingan pulga alohida uy-joy qurishni rejalashtirdik. To‘ybolalarga keladigan bo‘lsak, ular mening ukalarim bo‘lib qoldi. Ularning xursandchiligi to‘yimizga fayz kiritdi.
Alijon va uning ota-onasi o‘tkazgan to‘y barchamizga ibrat bo‘lsa arziydi. 

Husan ELTOYeV.