Mehnatning huquqiy kafolati
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda kasaba uyushmalari faollari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimiz mehnat qonunchiligida yoshlar manfaatlarini ifodalovchi imtiyoz va kafolatlar, xavfsiz va kafolatlangan ish o‘rinlari yaratish shartlari, jamoa shartnomalarida aks etishi lozim bo‘lgan qoida va tartiblar, yoshlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari o‘tkazish, sog‘lomlashtirishga doir ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
– Konstitutsiyamizda fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqi kafolatlangan, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi yuristkonsulti Abdunabi Tursunov. – Tadbirda yoshlarga ushbu huquqdan foydalanishning afzalliklari, kasaba uyushmalarining fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Targ‘ibot tadbiri doirasida yoshlarga kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lishning afzallik va imtiyozlari haqida qo‘llanmalar tarqatildi.
Ramazon ASQAROV,
viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tashkiliy ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi.