To‘y-marosimlar – xalq ma’naviyati ko‘zgusi

Murtazo VAYDULLAYeV,
faxriy pedagog, Urgut tumani:

– To‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat, qolaversa, millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masala. Ba’zan kimo‘zarga, dabdababozlik bilan o‘tkazilayotgan to‘ylarni ko‘rib, hayron qolasan. To‘ylarni qo‘ya turaylik, azadorlik, ehson bilan bog‘liq marosimlar salkam to‘yga aylanib borayotganini xalqimizga, qadriyatlarimizga nisbatan hurmatsizlik, deyish mumkin. Bu xildagi marosimlar aslida 20-30 kishi bilan xonadonlarda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.
Bir hoji oshi tadbiriga ming kishiga yaqin odam ertalab, qariyb besh yuz xotin-xalaj tush payti chorlangani o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan boshqa narsa emas. Xo‘sh, tadbir sohiblari va restoran egalari nega bunday isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yishyapti? Axir ular to‘y eng ko‘pi bilan 150 kishiga, osh 200 kishiga mo‘ljallangan bo‘lishi haqida ilgari ogohlantirilgan edi-ku. Menimcha, marosimlarni o‘tkazishda manmansiragan, haddidan oshgan kimsalarni mavqei va lavozimidan qat’i nazar, jamoatchilik oldida muhokama qilish, to‘yxonalar egalariga nisbatan jiddiy choralar ko‘rish darkor.
Mansur TO‘LQINOV,
SamDU talabasi:

– O‘tgan yakshanba kuni qishloqdan shaharga qaytayotgan edim. Samarqand shahridan Samarqand tumani oralig‘idagi ko‘chada 17 ta qora rangdagi "Captiva" mashinasining bir-biriga yo‘l bermay o‘tib ketganiga ko‘zim tushdi. Ular nikoh marosimiga shoshilyapti. Bu mashinalar o‘z-o‘zidan yurmaydi, albatta. Har biri soatbay – falon so‘mga xizmat ko‘rsatadi. Men kabi talaba yoki ota-onasi byudjetdan oylik oladigan odamning bunga qurbi yetmasligi aniq. Nasib etib, uylanadigan bo‘lsam, atrofdagilarning g‘ashini keltiradigan bunday dabdabalarga aslo yo‘l qo‘ymayman.
Muhammad XUDOYoROV,
Narpay tumani:

– To‘y-hashamlar bilan bog‘liq sarf-xarajatlar ko‘plab oilalarning qarzga botib ketishiga, g‘am-tashvishga tushib qolishiga olib kelyapti. Achinarli jihati shuki, to‘y qiladigan oila yemay-ichmay, o‘ziga qaramay, to‘yga yig‘inadi. Oqibatda obro‘ ketmasin, deb bor-budidan ayriladi. Bu ko‘yga tushishimizga birov sababchi bo‘layotgani yo‘q, o‘zimiz jonimizga jabr qilyapmiz. To‘y va marosimlarni hafta-o‘n kunlab o‘tkazish, yaroqsiz ada-qa’dalar, shohona liboslar, tug‘ilgan kunlar, shohona dasturxon, odamlar tinchligini buzadigan ovoz kuchaytirgichlar va boshqa o‘nlab "xizmat" turlari har qanday oilani bukib qo‘ymoqda.
Bugun biz shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda yashayapmiz. Ishlash, yashash, o‘qib-o‘rganish uchun davlatimiz, qolaversa, biz, ota-onalar barcha sharoitlarni yaratib boryapmiz. Shunday ekan, yoshlarimiz bu borada, avvalo, o‘zlari tashabbuskor bo‘lishlari, har qanday dabdabadan, axloq-odobimizga zid bo‘ladigan havaslardan uzoq turishlari   lozim.