Urganjiliklardan o‘rganish kerak
Aholi soni 3 ming 220 nafarni tashkil qilgan Urganjida tadbirkorlar ko‘p, deb eshitgandik. Mahallaga kelib, eng avvalo, ular bilan qiziqdik. Mahalla raisi O‘ktam Ahrorov oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bir necha kishini nomma-nom sanadi. Dastlab 2 sotix maydondagi issiqxonasida gul parvarishlayotgan Alisher Zaripov xonadoniga yo‘l oldik.
– Ayni paytda gulxonamizda 200 xilga yaqin gul parvarishlayapmiz, – deydi Alisher aka. – Kasbim farmatsevt. Bu gulxonani Samarqandda mashhur gulchi, otam Ahror Zaripov barpo qilganlar. U kishining vafotlaridan keyin ishlarini davom ettiryapman. Gullarni bozorga olib chiqmayman, ularning ta’rifini eshitgan kishilar o‘zlari qidirib kelishadi. Maktab, kollejlardan buyurtmalar bo‘ladi. Nevaralarim yaqin ko‘makchilarim, darsdan bo‘sh vaqtlarida ular bilan issiqxonada ishlaymiz.
Alisher akaning gulxonasida kaktuslarning 15 xili, xushbo‘y kalliziya, begoniya, fikus, paporotnik, oksalis (kislitsa)ning bir necha turlaridan tashqari, agava, sikas, abutilon, alokazaya kabi noyob gullar, palma va banan daraxti bor. Qahraton sovuq kunlari gullar uchun mo‘’tadil haroratni saqlab turish juda muhim. Buning uchun issiqxonadagi harorat +1 dan tushmasligi kerak.
Qish fasli o‘rtasida yashnab turgan gulxonani tark etib, hunarmand Dilshod Samatovning yunon tarixiy obidalarini eslatuvchi baland ustunlar terib qo‘yilgan ustaxonasiga keldik. Dilshod aka dekorativ ustunlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Faoliyatini boshlaganiga 20 yildan oshgan bo‘lsa, shu vaqtga qadar 30 nafardan ortiq shogird tayyorlagan. Ustaning mutaxassisligi qurilish sohasi bilan bog‘liqligi uchun ham u ishini professional darajada bajaradi.
– Ish boshlagan paytlarimizda buyurtmalarni davlat tashkilotlari, restoranlardan olgan bo‘lsak, bugun xususiy uy-joylar uchun ham buyurtma qabul qilyapmiz, – deydi Dilshod Samatov. – Bu ham xalqimizning turmush darajasi oshib borayotganidan dalolat. Kelajakda seximizni kengaytirib, mahsulot turini ko‘paytirmoqchimiz.
Ozod To‘raqulov ixchamgina tomorqasida issiqxona barpo etib, tejamkor usulda limon yetishtirayotganiga 10 yil bo‘ldi. Safo Odilov ham nafaqaga chiqqach, limon parvarishlay boshladi. Mana, limonchilar ham mahallaning o‘zidan. Bedana boqib, aholini parhez mahsulotlari bilan ta’minlashga bel bog‘lagan yigitlar haqida ham gapirishdi.
Yaqin kunlarda mahalla markazida ishga tushadigan savdo-xizmat ko‘rsatish majmuasi oilaviy tadbirkorlar tomonidan bunyod etilgan. Tadbirkorlardan biri mahallani "Siyob dehqon bozori" va tuman markazi bilan bog‘laydigan jamoat transportini yo‘lga qo‘yish harakatida.
Xalqimizda "Hurmat qilsang, hurmat ko‘rasan, mehnat qilsang, davron surasan", degan maqol bor. Har jabhada ilg‘or, mehnatdan qochmaydigan urganjiliklardan o‘rnak olsak arziydi.
Zilola OMONOVA.