Xatlardan satrlar

Bekatga ikki-uch odim qolganda sherigidan oldinroq mijoz qoshiga kelishni mo‘ljallagan taksi haydovchisi ko‘lmakdagi suvni biz tomon sachratib, o‘tib to‘xtadi. Bizga e’tibor ham qaratmay, yo‘lda harakatlanishda davom etdi. 
Bunday haydovchilarga nisbatan jarima qo‘llanilsa, bu kabi holatlarning oldi olinarmidi? Yoxud yo‘l harakati xavfsizligi oyliklarida haydovchilarga ma’naviy-ma’rifiy soatlar tashkil qilish kerakmikan?

Mohigul XOLIQOVA,
Samarqand shahri.

***

Bolalarining yaxshi yashashi uchun chet elga borib ishlayotgan ota-ona uning tarbiyasini unutib qo‘ymoqda. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, hashamatli uylarga ega bo‘lish mumkin. Lekin farzandning kelajagi barbod bo‘lsa, bu oila xotirjam va baxtiyor yashay oladimi? Yo‘q, albatta. 
18 yoshgacha farzand ota-ona izmida bo‘lishi lozim. Ota-ona o‘g‘il-qizining faqat moddiy ta’minotiga emas, ma’naviy kamoloti, salomatligi, axloqi uchun ham javobgardir.

Zulayho QURBONOVA,
Urgut tumani. 

***

Internet tarmog‘idan foydalanuvchilarning hammasi ham undan oqilona foydalanmayapti. Ayniqsa, yoshlar turli o‘yinlarni telefonlariga yuklab, asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlardagi tanish-notanish do‘stlari bilan behuda yozishmalarga sarflamoqda. Oqibatda ular o‘zlari bilmagan holda turli oqimlarga aralashib qolmoqda. 
Ota-onalar bolalarining xohish-istagini bajarish bilan birga, nazoratga ham olsa yaxshi bo‘larmidi?

Mahliyo ABDUSAMATOVA.