Bulung‘urda III “Pomidor sayli” festivali yuqori saviyada o‘tkazildi

​Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh mahallasi erta tongdan o‘zgacha fayz, qaynoq shukuh va ko‘tarinki kayfiyatga burkandi. Bu yerda tashkil etilgan an’anaviy uchinchi “Pomidor sayli” festivali asl dehqonchilik mehnatining haqiqiy bayramiga aylandi.

​Bugungi kunda “Bulung‘ur kartoshkasi”, “Bulung‘ur pomidori” va “Bulung‘ur kulchatoyi” kabi mahsulotlar geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, huquqiy jihatdan himoyalandi. Bu esa saxovatpesha zaminimizda yetishtiriladigan ne’matlarning betakror o‘ziga xosligini asrab-avaylash hamda ularni keng bozorlarga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur festival mirishkor dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati, ona zaminimizning tabiiy imkoniyatlari hamda ko‘p yillik dehqonchilik tajribasini yaqqol namoyon etdi. Tadbir davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sarxil va bahri dilni ochuvchi noz-ne’matlari keng ommaga taqdim etildi.

Xalq sayli ruhida o‘tgan tadbir doirasida turli qiziqarli tanlovlar tashkil etilib, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Xususan, “Eng yaxshi bezatilgan pavilon” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Toyloq tumani egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin mezbon — Bulung‘ur tumaniga nasib etdi, uchinchi o‘ringa esa Urgut tumani munosib ko‘rildi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
​Shuningdek, bayramga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy mehmonlarga milliy qadriyatlarimiz, boy urf-odatlarimiz hamda hududimizning bebaho madaniy merosi keng namoyish etilib, qalblarda iliq taassurotlar qoldirdi.