Cheklashdan boshqa usullar ham mavjud

Haqiqatan ham, bugun axborot asrida yashayapmiz. Har bir o‘quvchining qo‘lida, ota-onalarda telefon, planshet kabi zamonaviy so‘zlashuv vositalari mavjud. Nafaqat so‘zlashuv, ba’zilar uchun u ish quroli, xabardorlik va boshqa ko‘plab vazifalarni ham o‘tamoqda. Ammo afsuski, internetdagi o‘yinlarga nafaqat bolalar, balki yoshi kattalarning ham mukkasidan ketib, vaqt o‘tkazayotganini ko‘rganman. Aytmoqchimanki, kattalar ham o‘zini bu masalada idora qilolmayotgan bir sharoitda bolalarni undan cheklash uchun nimalar qilmoq kerak?

Yaqinda ota-onalardan biri shikoyat qilib qoldi.

O‘g‘lim uyda deyarli dars tayyorlamayapti, – deydi u. – Axir uch soatdan beri internetda o‘yin o‘ynayapsan, endi dars qilishga o‘t, boshqa yumushlaring ham bor, degandim, o‘ynayotganiga yarim soat bo‘lganini aytib, menga jahl qildi. Bu holat qayta-qayta takrorlanmoqda. Ya’ni, u kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul payti vaqt o‘tganini sezmaydi. Gapirsam, menga quloq solishni istamayapti.

Bugun kompyuter o‘yinlari, internet bolalarning sevimli mashg‘ulotiga aylanib bo‘ldi. Endilikda farzandingizga o‘yiningni bas qil deyish yoki taqiq qo‘yish, telefonini olib qo‘yish bilangina masalaga yechim topish juda mushkul. Bola bilan ko‘proq suhbatlashish, yoshiga qarab, unga kitob o‘qib berish, u yoki bu masalada uning fikri bilan qiziqish, tabiiyki, orada internet o‘yinlarining salbiy tomonlari haqida ham xuddi do‘s­tingiz bilan gaplashayotgandek suhbatlashishi lozim. Ammo bugun ota-onalar oldida internet o‘yinlari bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklar, turli oqimlarning yot ta’sirlari kabi hujumlarga qarshi kurashishday sinovlar ham bor. Bu masalada esa ota-onalarning zamonaviy xaborot texnologiyalardan xabardorligi davr talabi. Farzand ulg‘aytirayotgan ota-onalar uyiga internet ulatishdan avval, provayderlar bilan bu haqda maslahatlashishi, kompyuterga "ota-ona nazorati" degan dasturni albatta, o‘rnatishi lozim. Shunda bolalarini turli behayo suratlar, uning ruhiyatiga salbiy ta’sir etuvchi video, matnlar mavjud bo‘lgan saytlarga kirishdan asrashlari mumkin.

Nodira IBRAGIMOVA,

Samarqand shahridagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.