Dori vositalarining narxi qachon maqbullashadi?
Ammo hanuz dorixonalarda chetdan import qilinayotgan dori vositalariga 20 foizdan ko‘p ustama narxlari qo‘yilayotgani aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida internetdagi elektron pochtamizga fuqaro Miraziz Raufov Samarqand shahridagi dorixonadan dori vositasini ikki barobar qimmatga olgani va boshqa dorixonalarda uning narxi ancha pastligi yuzasidan shikoyat bilan murojaat qildi. Unda jumladan, shunday deyiladi:
"Yaqinda Samarqand shahridagi "Ferroplect pharm medical" 1-son dorixonasidan "Serebrozilin 5*5" dorisini sotib oldim. Narxi 275 ming so‘m ekan. Qiziqib boshqa aptekadan so‘rasam, aynan shu preparatni 143 ming so‘m, dedi. Dorini sotib olgan aptekaga qaytib, "Bu dori nega sizning dorixonangizda qimmat?", deb so‘radim. "Siz olgan aptekada eski narxda sotilgan, buning narxi hozir oshgan", deb javob berdi u. So‘ngra yana boshqa dorixonalardan surishtirdim. Aslida "Serebrolizin 5*5" preparatiga qo‘yilgan 127 ming so‘m eski narxi ekanligini, oshgan narxi esa 143 ming so‘mligini aytishdi. Hafsalam pir bo‘lib, yana dorixonaga qaytib keldim va ikki baravar qimmat narxga sotib olgan dorini qaytarib olishlarini talab qildim. Ammo ular «Bizda sotilgan dori-darmonlar qaytarib olinmaydi», deya rad etishdi. So‘ngra ushbu dorining puliga boshqa dori berishni taklif qilishdi.
Qanday qilib bitta korxonada ishlab chiqarilgan dori narxi ikki barobar qimmat bo‘lishi mumkin? Qachongacha dori vositalarining narxi asossiz ko‘tarib sotiladi? Buni nazorat qiladigan tashkilot bormi?"
Xatni o‘rganish uchun Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasiga yubordik va quyidagi mazmundagi javob xati oldik:
"Xat o‘rganish jarayonida fuqaro Miraziz Raufov Samarqand shahar, Muliyon ko‘chasi, 14-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Otabek Kamolov nomidan murojaat etganligi ma’lum bo‘ldi.
Fuqaro O.Kamolov tomonidan joriy yilning 17 yanvar kunida Samarqand shahar "Ferroplekt farm medikal" MChJdan xarid qilgan "Serebrolizin 5*5" dori vositasi jamiyatga 2017 yilning 26 oktyabridagi 3860-sonli schyot-faktura bilan har bir qutisi 248 ming 412 so‘m ulgurji narxda kirim qilingan va 10,7 foiz ustama qo‘llanilgan holda 275 ming so‘m chakana narx belgilangan".
Javobdan ko‘rinadiki, dorixona chakana narxni belgilashda hech qanday xatoga yo‘l qo‘ymagan. Ammo kuzatishlarimiz davomida muammoga sabab bo‘lgan dori sotilishida bir necha nomutanosiblik borligini bilib oldik.
Ya’ni, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali ro‘parasidagi dorixonada ushbu dori vositasi 150 ming so‘m, "Amir Temur xazinasi" xususiy korxonasiga qarashli dorixonada 158 ming 500 so‘m sotilmoqda. Buni qanday baholash mumkin? Bu borada mutaxassis xulosasini olish uchun viloyat "Dori-darmon" aksiyadorlik jamiyati tijorat ishlari bo‘yicha direktori Nurali Husanovga murojaat qildik.
– Yurtimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni samarali yo‘lga qo‘yish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va dori vositalari narxlarini tartibga solish maqsadida qaror va farmonlar qabul qilindi, – dedi u. – Ammo ayrim tijoratchilar dori vositalari savdosiga malakasiz tibbiyot xodimlarini jalb etayotgani narxlarning sun’iy oshirilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, sotib olingan mahsulot uchun xaridorlar identifikatsion ma’lumotlar (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori) bilan birga, dori vositasining nomi va ularni beruvchi shaxsga oid ma’lumotlar, berish sanasi, narxi ko‘rsatilgan tovar chekini talab qilishi lozim. Agar dorilarning ustama narxi oshganligiga shubha tug‘ilsa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tovar cheki asosida tegishli tashkilotlarga murojaat qilish va bu holat asoslansa, qonun doirasida muassasa litsenziyasi bekor qilinishi hamda xodim uch yilgacha ushbu sohada ishlamasligi belgilangan.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.