DXX: Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 78 kg. giyohvandlik vositasi aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi bir nafar Tojikiston va olti nafar O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Tezkor tadbir davomida, guruh a’zolaridan Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11,5 kg. “opiy” moddasi rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, ulardan 2600 AQSh dollari, 12,6 mln. so‘m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Aniqlanishicha, ular ushbu narkotikni O‘zbekistonda sotishni rejalashtirishgan.
Jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar a’zosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham tezkor tadbirda o‘tkazilgan. Qozog‘iston fuqarosi to‘xtatilib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirilganda sumka ichida 46,7 kg. “gashish” moddasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo‘lgan, 1976 y.t. Tojikiston fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1964 y.t. O‘zbekiston fuqarosi ham ushlangan. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o‘tkazgan.
Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan “Jentra” avtomashinasi Pop tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001 yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19,8 kg. “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo‘lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1998 y.t. shaxs ham qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari ma’lum bo‘lgan.
Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.