Eng yaxshi g‘allakor 25 foizgacha ustama oladi

Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi "Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Mazkur qaror asosida 2018 yil 30 noyabrda viloyat hokimining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2019 yilgi davlat byudjeti parametrlariga sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona yer solig‘ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsiyentlar qo‘llash tartibi kiritildi. Bu nima degani?

– Bu gektaridan o‘rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda ikki barobar, hosildorlik 31 dan 40 sentnergacha bo‘lganda esa xo‘jaliklarga 1,5 barobar ko‘p soliq hisoblanadi degani, – deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Akbar Norqo‘ziyev. – Bu tartib sug‘oriladigan yerlarda g‘alla yetishtiruvchilarning yerdan samarali foydalanishlari, xomashyo yetishtirish hajmini oshirishlarida yanada katta mas’uliyat yuklaydi. 2019 yil hosili uchun viloyatimizda 11078 fermer xo‘jaligi g‘alla ekkan bo‘lsa, shuning 9439 tasi 103 ming 930 gektar suvli maydonda dehqonchilik qilmoqda va ularga davlatga 318 ming 400 tonna g‘alla sotish majburiyati yuklangan. Qaror asosida yetishtirilgan hosilning har tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 million 200 ming so‘m yoki joriy yildagiga nisbatan 1,6 barobar yuqori darajada belgilandi. Bu albatta, yuqori hosil yetishtirgan fermerning moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yana yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi. Bunda hosildorlik gektaridan 41 dan 50 sentnergacha bo‘lganda 10 foiz (120 ming), 51 dan 60 gacha bo‘lganda 20 foiz (240 ming), 61 va undan yuqori bo‘lganda 25 foiz (300 ming so‘m) miqdorida ustama, aksincha, hosildorlik 30 sentner va undan kam bo‘lsa, 25 foiz (300 ming so‘m), 31 dan 40 sentnergacha bo‘lganida – 15 foiz (180 ming so‘m) chegirma bilan hisob-kitob qilinadi.

– Qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullana boshlaganimga 60 yildan oshgan bo‘lsa, ko‘p yillar oldin dehqon yetishtirardi, davlatga topshirardi, – deydi Paxtachi tumanidagi "o‘allakor" fermer xo‘jaligi boshlig‘i, "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibi Norxol Qurbonova. – Endi dehqon yetishtirgan mahsulotining shartnomadan ortgan qismiga o‘zi egalik qiladigan davr keldi. Fermer xo‘jaligimizni tashkil etgandan buyon eng og‘ir kelgan yillarda ham paxta va g‘alladan gektariga  40 sentnerdan kam hosil yetishtirganimiz yo‘q. Lekin avvallari ortiqcha yetishtirilgan hosil har doimgidek bir xil narxda baholanib, fermer arzimas daromadga ega bo‘layotgandi. Endilikda yuqori hosil yetishtirgan xo‘jaliklarga 25 foizgacha ustama to‘lanishi biz kabi g‘allakorlar uchun ayni muddao bo‘ldi. 2018 yilda paxtadan rejadagi 89 o‘rniga 122 tonna "oq oltin" topshirib, 500 million so‘m hamda qo‘shimcha 12 million so‘m daromadga ega bo‘ldik. o‘alladan esa 120 million so‘m foyda oldik. Keyingi yildan g‘alladan ham yuqori hosildorlikni qayd etib, qo‘shimcha mablag‘ ishlash niyatidamiz.