Nafsiga qul kimsalar
Demak, inson ular o‘rtasidagi bahs-tortishuv tufayli dunyo sinovlaridan o‘tadi. Ba’zida aql nafsning dastyoriga aylanib, u nimani buyursa, shuni so‘zsiz bajaradi. Aksincha, aql nafsdan ustun kelsa, kishi yaxshiliklar yo‘lini tutadi.
Samarqand tumanidagi agrosanoat kasb-hunar kolleji direktori G.Tursunova, kollej bosh hisobchisi A.Hoshimov, "Mirzabuloq chakana savdo" xususiy korxonasi rahbari Z.Abdurasulovlar nafsining quliga aylanib, yaxshi-yomon, foyda-zararning farqiga bormay qolishdi.
Ya’ni, bu kimsalar mo‘may pul topish ilinjida davlat mulkini musodara qilish jinoyatiga qo‘l urdilar. Kollej bosh hisobchisi A.Hoshimov muqaddam mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, muassasa rahbari G.Tursunova bilan jinoiy til biriktirib, kollejning isitish tizimlarini ta’mirlash maqsadida soxta hujjatlar tayyorlab, salkam 78 million so‘m davlat mablag‘ini o‘zlashtirish payida bo‘lishadi. Bajarilmagan ish uchun bu pullarni qalbaki hujjatlar asosida "tender g‘olibi" – Jizzax viloyati, Fallaorol tumanidagi Z.Abdurasulovga tegishli xususiy korxona hisob raqamiga ko‘chirishadi.
Bundan tashqari, kollejning xarajatlar smetasi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar jarayonida muassasa rahbari va bosh hisobchining e’tiborsizligi tufayli o‘qituvchilarga pedagogik yuklamalar uchun hamda o‘tilmagan, jurnallarda qayd etilmagan dars soatlari uchun ortiqcha ish haqi to‘langan holatlar ham aniqlandi.
Albatta, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, davlat mulkini o‘zlashtirish payida bo‘lgan ushbu jinoiy guruhning qilmishlari huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan fosh etildi. Ularga qonuniy jazo tayinlandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash barobarida mansabdor shaxslarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini ham kuchaytirdi. Demak, e’tiborsizlik qilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan har bir rahbar va mutasaddi qonun oldida ertami-kechmi javob berishi muqarrarligini unutmasligi kerak.
F.BAXTIYoROV.