Ona tilini mukammal bilgan kishi o‘zga tillarni ham to‘liq o‘zlashtira oladi

Til - millatning ko‘zgusi, uning ruhiyati. Inson tafakkuri tilda aks etadi. Tilning ifodasi nutqda namoyon. Biroq qalb bularning barchasi uchun quvvat manbai. Insonning jamiyatga, hayotga munosabati, avvalo, qalb bilan bog‘liq. Zotan, qalb musaffo bo‘lsa, tafakkur te’ran, til mukammal, nutq serjilo va purhikmatdir.
“Bir tilni bilgan - bir inson, o‘n tilni bilgan - o‘n inson”, deydi dono xalqimiz. Biroq insonda ona tili bitta bo‘ladi. U kishining bevosita kuzatishlari orqali o‘zlashtirgan tilidir. Boshqa tillar uning vositasida o‘zlashtiriladi. Shunday ekan, ona tilini mukammal o‘zlashtirmay turib, boshqa tillarni undan ko‘ra mukammal bilishning imkoni yo‘q. Ona tilini mukammal bilgan kishigina o‘zga tillarni ham to‘liq o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Ona tilini mukammal bilgan kishi tom ma’noda shu millatning vakili.
Qalb, tafakkur, til va nutqdek javharlarimizni pokiza saqlaylik!
Xurshidjon XAYRULLAYeV,
Samarqand chet tillar instituti professori.