Oydin orzular og‘ushi
Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ingga mehmondek kelish g‘alati bo‘larkan. Bolaligimning beg‘ubor damlari, ammavachchalarim bilan qirlarda chopqillab yurishimiz ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. O‘shanda biz bir necha chaqirim masofani piyoda bosib o‘tar edik. Otam uyimizda biror ish chiqib qolsa, bizni ammamnikiga qo‘yib kelardilar. Keyinchalik biz yashayotgan qishloq Jartepa bilan ammam yashayotgan qishloqni chegara hududi kesib qo‘ydi. Ammam Tojikiston chegara to‘sinining narigi tomonida, biz esa bu tomonida qoldik. O‘tib qaytishning pasport rejimiga asosan amalga oshirilishi hamda soatbay ruxsatlar qanchadan-qancha asabbuzarliklarga sabab bo‘lmagan deysiz. Marosimga qatnashar ekanmiz, ko‘zida yosh bilan diydorlashayotgan oilalarni ko‘rib, bizning ham kipriklarimiz namlandi.
– Samarqand shahridan kelin bo‘lib tushganman, – deydi Manzura ismli ayol. – Mana, shu chegaraning ortida turgan ota-onamni besh-olti yilda bir marta borib ko‘rolmayman. Sababi viza masalasi juda og‘ir edi. Yana Bekobod yoki Xo‘jand tomondan aylanib kelishimizga to‘g‘ri keladi. Prezidentlarimizga rahmat! Qanday yaxshi ish qilishdi-ya! Endi farzandlarim ham yaqinlarim diydoriga to‘yib yashaydi.
Yana boshqa bir ayol dardini to‘kadi: Yaqinginada tog‘am qaytish qildilar, borolmadim. Onajonimni shunday sog‘inganmanki, shu bugunoq yo‘lga tushaman.
Bunday hayajon va quvonchga to‘la insonlar bizni o‘z yaqinlari kabi quchoq ochib qarshi oldilar. Ikki tomonga ajralib qolgan quda-anda, qarindosh-urug‘lar quvonchining cheki yo‘q edi. Ularga hadya qilish uchun olib borgan kitoblarimizni talashib olardilar. "Menga bering! Men o‘zbekchani bilaman! Men o‘zbekman", – der edi ba’zilari bizga o‘zini yaqin olib. Biz xursandligimizdan ularni quchoqlab, diydor muborak, qarindoshlar, dedik hayajon bilan. O‘tish punkti ish boshlagandan buyon shu bir necha kun orasida ikki xalq munosabatlari yanada mustaxkamlandi. Ikki viloyat hokimlarining sovg‘a almashishi-yu, Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘idagi Jomiy va Navoiy bobolarimiz haykallarining ochilishi ham ana shu zabardast do‘stlik istiqboliga xizmat qilib, ruhimizni ko‘tardi. Do‘stlik juda buyuk tushunchadir. Bunga Jomiy va Navoiy bobomizning ijodi va hayoti ham yaqqol misol bo‘la oladi. Shular haqida o‘ylar ekanman, do‘stlik haqidagi fikrlarim qog‘ozga to‘kildi.
Bersa arzir, neki bor, do‘stlik uchun,
Jonni ham etsa nisor do‘stlik uchun.
Istagaydir har kishi do‘st so‘zini,
Yo‘qsa kim bo‘lgay xumor do‘stlik uchun?
Ikki el, ikki taraf tarixida,
Qolmagaymu bu bahor do‘stlik uchun?
Ne zamonlar ayladi ko‘ngilni chok,
Vah, bugun el baxtiyor do‘stlik uchun.
Kel, bugun shubha – gumon etsa diling,
Eriturmiz misli qor do‘stlik uchun.
Ayblama, bu so‘zlaring o‘tgusi deb,
Men abad etgum qaror do‘stlik uchun!
Jumagul SUVONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
a’zosi.