Past Darg‘omdagi bog‘chalar kuz-qish mavsumiga 1 oktyabrgacha tayyor bo‘ladi(mi?)

Shu maqsadda tuman hokimi Sh.Xudayberdiyev tegishli mutasaddi rahbarlar bilan tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, haqiqiy ahvolni o‘rgandi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, 24-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining tom qismi yaroqsiz holga kelib qolgan. Boshqa muassasalarda ham isitish tizimi, binoning pol qismi, yoqilg‘i zaxirasi bilan bog‘liq bir qator muammolar borligi aniqlandi. Bundan tashqari, aksariyat bolalar bog‘chalarining hovlisida yomg‘ir-qor suvlari to‘planishi, yo‘lakchalar beton qilinmagani bolalarga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Tabiiy savol tug‘iladi, qish-qirovli kunlar eshik qoqayotgan bir paytda bunday kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari nega paysalga solingan? Tuman hokimi muayyan ishlar boshlangan bo‘lsa-da, bu yetarli emasligi, ta’mirlash ishlarini yanada jadallashtirish lozimligini qayd etdi.

Darhaqiqat, ijtimoiy ob’yektlarning issiqlik tizimini ta’mirlash uchun 20 ming metr quvur, 125 dona qozonxona jihozlari va boshqa zarur qurilish ashyolari keltirilib, joylarda ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Tuman hokimi bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, aslida arzimas ko‘ringan muammolarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik zarurligini bildirdi. Ijtimoiy soha ob’yektlari, xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 1 oktyabr holatiga kuz-qish mavusiga shay holga keltirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berdi.