Qizamiq qanday kasallik?

Keyingi yillarda bu kasallikning yosh jihatidan o‘zgarishi kuzatildi, ya’ni o‘smirlar va kattalar orasida ko‘paydi, bolalar orasida qizamiq o‘chog‘i kamayib, kasallik davriyligi o‘zgardi.

Qizamiq tashxisini qo‘yish qiyinlashdi, bu esa kasallikka noto‘g‘ri tashxis qo‘yishga va epidemiyaga qarshi ishlar sifatining yomonlashishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida bolalar va kattalar orasida oxirgi yillarda qizamiq kasalligining ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Ayrim hollarda kasallikka qarshi emlash ishlarining kechikishi natijasida qizamiq kasalligi erta yoshdagi bolalar orasida qayd etiladi. Erta yoshdagi bolalarda kasallik og‘ir kechishi, og‘ir asoratlar berishi bilan xarakterlanadi.

Xo‘sh, qizamiq nima? Qizamiq - qizamiq virusi keltirib chiqaradigan og‘ir kasallik. U odamdan odamga oson yuqadi va kasallikning tarqalishiga olib kelishi mumkin.

Qizamiq bolalar kasalligi deb hisoblansa-da, u har qanday yoshdagi odamlarga yuqishi mumkin. Yurtimizda u ko‘p hollarda emlanmagan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarda uchraydi. Kattalarning yuqori xavf guruhiga kollej talabalari, chet ellik sayohatchilar va tibbiyot xodimlari kiradi.

Qizamiq qanday tarqaladi?

Qizamiq eng yuqumli kasalliklardan biridir. U havo tomchi orqali yuqadi. Kasallikdan so‘ng umrbod immunitet shakllanadi. Qizamiq virusi qizamiq bilan kasallangan odam kirgan xona havosida 2 soatgacha saqlanishi mumkin. Qizamiqda kasallik manbai – bemor odam, ayniqsa, kataral davrda maksimal darajada virus ajratadi va eng yuqumli hisoblanadi, toshma toshish davrida yuqumliligi kamayadi. Bemor kasallikning 6-7 kuniga qadar yuqumli bo‘ladi, kasallik asoratlari qo‘shilsa, yuqumlilik davri 10 kungacha davom etadi. Qizamiq kasalligiga qishki mavsumiylik xos, asosan qish va bahorda kuzatiladi. Vaksina ommalashguncha, ko‘pchilik bolalar bu kasallikning asoratlaridan vafot etardi.

Kasallikning belgilari qanday?

Qizamiqda yashirin davr 8-10 kundan 17 kungacha cho‘zilishi mumkin. Kasallik boshlanishi, ya’ni kataral davr 3-4 kun davom etadi. Bu davrda tana haroratini 38,5-39 S gacha ko‘tarilishi, tez-tez aksirish, burundan ko‘p suyuqlik ajralishi, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal kuzatiladi. Yorug‘likdan ko‘zlari achishadi, yoshlanadi, shilliq qavati qizarib ketadi, qovoqlari shishib, bo‘rtadi. Umumiy ahvol keskin o‘zgaradi: bola bezovta, injiq bo‘lib, yomon uxlaydi, lanj, ishtahasi susayadi. Dastlab kasallik boshida ichi ketadi, qorinda og‘riq paydo bo‘ladi. Juda og‘ir holatlarda kasallikning birinchi kunlaridan boshlab talvasa va hushning ketishi kuzatilishi mumkin. Qizamiqda bu davr 3-4 kun davom etadi, ba’zan 5-7 kungacha cho‘ziladi. Til ildizi sohasida, lunj, milk va lab shilliq qavatida chetlari qizil bo‘lgan kul rang-oqish nuqtalarning bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bu belgilar toshma toshguncha 1-2-3 kunlarda namoyon bo‘ladi, bu toshma paydo bo‘lguncha qizamiq tashxisini qo‘yishda yordam beradi.

Qizamiqda toshma toshish davri kasallikning 4-5 kunidan boshlanadi va dog‘li-papulez toshmalar paydo bo‘ladi. Toshmaning etapli toshishi - qizamiq uchun muhim diagnostik axamiyatga ega. Toshma davrida bemor umumiy ahvoli og‘ir, bezovtalanish, alahsirash, ba’zan uyquchanlik kuzatiladi.

Kasallikning 8-10 kunlaridan boshlab, dastlab yuzdan, tana va oyoq qo‘llardagi toshmalar pigmentatsiyalanadi. Bu davr 1-1,5 hafta davom etadi va terida mayda qipiqlanishlar bo‘ladi. Pigmentatsiya davrida tana harorati normallashadi, bemorning umumiy ahvoli asta-sekin tiklanadi. Qizamiqning tuzalish davrida uzoq muddat asteniya va anergiya (immunitetning susayishi) holati kuzatiladi.

Kasallik alomatlari qizamiq yuqqandan keyin 7-21 kun ichida, o‘rtacha hisobida 10 kundan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Toshmalar odatda kasallik yuqqanidan keyin 14 kun ichida paydo bo‘ladi.

Qizamiq qanday davolanadi?

Kasallikni davolashda quyidagilarga e’tibor berish kerak:

- Yaxshi sog‘lom sharoit yaratish;

- Bemorni parvarishlashni tashkillashtirish;

- Ochiq havodan foydalanish;

- To‘g‘ri ovqatlantirish;

- Bemorni 1-2 joyli bokslarga yotqizish lozim.

Davolash kasallik alomatlarini yengillashtirishga qaratiladi, chunki tana virus bilan kurashadi. Davolashda suyuqliklar va isitma yoki og‘riqni nazorat qilish uchun dorilar, bakteriyalardan ikkilamchi infeksiyalarni davolash uchun antibiotiklar hamda A vitamini qo‘llaniladi.

Yotoq tartibi kasallik davrida to‘liq saqlanadi. Quruq yorilgan lablarni borli, vazelin yoki yog‘ bilan surkash lozim. Burun paxtali issiq vazelin yog‘iga botirilgan tampon bilan tozalanadi, qatqaloqlar hosil bo‘lganda burunga kuniga 3-4 marta 1-2 tomchi vazelin yog‘i tomiziladi. Ovqatlanish yoshiga mos bo‘lishi kerak.

Qizamiq kasalligining oldini olishning eng yaxshi usuli, bu iloji boricha ko‘proq bolalarni emlashdir. Barcha bolalarga qizamiqqa qarshi ikki dozali emlash tavsiya etiladi. Qizamiq, qizilcha va tepkiga (KPK) qarshi emlashning birinchi dozasi bolaning 12-15 oyligida, ikkinchi dozasi esa bolalar bog‘chasiga borishdan oldin (4-6 yoshda) qilinishi kerak. Kattalar va mamlakatimizdan tashqarida sayohat qilayotganlar, shu jumladan, 6 oydan oshgan chaqaloqlar uchun qo‘shimcha tavsiyalar mavjud. Agar mamlakatimizda qizamiq kasalligi tez-tez qayd etilayotgan bo‘lsa, 6 oylikdan oshgan bolalar uchun KK (qizamiq, qizilcha) vaksinasi qo‘llaniladi.

Zebo Karamatullayeva,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti assistenti.