“Samarqand magistral elektr tarmoqlari” korxonasi: Maqsadimiz – elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligiga erishish

Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan katta o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Masalan, hududlarda erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, klasterlar tashkil etilyapti. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Xavfsiz shahar” kabi strategik dasturlar asosida shaharu qishloqlarda ulkan bunyodkorliklar qilinmoqdaki, ularning qiyofasi mutlaqo yangilanyapti. Shunga yarasha turizm ham taraqqiy topmoqda.

Jamiyat va davlat hayotida kuzatilayotgan bu kabi shiddatli rivojlanish sur’atlari, eng avvalo, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning ham o‘sishiga olib kelmoqda. Ammo elektr energiyasi ishlab chiqarish osonmas. Uning ortida katta mehnat, katta zahmat yotibdi. Bunda energetiklarning tunu kun mehnati, uskunalarning uzluksiz ishlashi va ularning o‘z vaqtida nazoratidek mas’uliyat mujassam.

Bu yumushlarni bajarishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxona ishchi-mutaxassislari faoliyati alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, ayni kunlarda «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filiali energetiklarining xayrli tashvishi har qachongidan ortgan. Chunki joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari ko‘hna kentda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi.

- ShHT sammiti oldidan tayyorgarlik ishlarini 2021 yil may oyidan boshlaganmiz, - deydi «Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Mahmud Pardayev. – Samarqand tumani hududidagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi va Samarqand shahrini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Bosh vazir tomonidan 2021 yil 19 mayda dastur tasdiqlandi. Unga asosan zimmamizga Urgut tumanidagi 500 kVli "So‘g‘diyona" nimstansiyasidan Samarqand tumani hududidagi 220 kVli “Cho‘pon-ota” nimstansiyasi oralig‘ida uzunligi 38,7 kilometr bo‘lgan 220 kVli havo elektr tarmog‘i tortib kelish vazifasi yuklandi. O‘tgan 1 yil davomida pudratchi tashkilotlar - “4-sonli MB” hamda “Gridson” aksiyadorlik jamiyatlari bilan birgalikda ushbu loyihani amalga oshirdik.

Buning uchun 198 ta temir-beton tayanch ustunlari o‘rnatildi,38,7 kilometrga elektr tarmoq sim-kabellari tortildi. “Cho‘pon-ota” nimstansiyasida esa katta qurilish-montaj va modernizatsiya ishlari olib borildi. Xususan, bitta avtotransformator, 8 ta 220 kVli katta kuchlanishga ega elektr ajratgich, 4 ta 110 kVli elektr ajratgich, 2 ta 220 kVli elegaz o‘chirgichini almashtirish, 4 ta 110 kVli elegaz o‘chirgichini almashtirish, shuningdek yuqori kuchlanishli tok transformatorlarini almashtirish qurilmalari o‘rnatildi. Bu kabi ishlar “So‘g‘diyona” nimstansiyasida ham bajarildi. Jumladan, bir necha eskirgan elektr qurilmalar zamonaviylariga almashtirildi.

Shu o‘rinda viloyatimiz aholisi va hududdagi korxona-tashkilotlarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida amalga oshirilgan yana bir loyiha haqida ham qisqacha to‘xtalmoqchiman.

Prezidentimizning “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga ko‘ra, shu yilning may oyida Nurobod tumanida quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi elektr tarmoqlariga quvvat uzatishni boshladi.

Mazkur elektr stansiya yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Stansiya faoliyati natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Viloyatimizda elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha bu kabi yana bir necha loyihalar amalga oshirilyapti. Bu loyihalardan ko‘zlangan pirovard maqsad, albatta, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligiga erishish va iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashdan iborat.

*Reklama