Sport xabarlari
Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida Samarqand viloyat boshqarma, idora va tashkilotlarning xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Do‘stlik spartakiadasi” sport musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, Samarqand davlat chet tillar instituti futbol jamoasi birinchi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi ikkinchi, viloyat davlat soliq boshqarmasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, tuman va shahar kengashlari xodimlari hamda ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari o‘rtasida mini futbol, voleybol bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Yakunda mini futbol bo‘yicha Ishtixon tuman kengashi jamoasi, voleybol musobaqasida esa yoshlar ittifoqining Samarqand shahar kengashi jamoasi birinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Yugurish

Samarqand shahridagi 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchi-pedagoglar o‘rtasida uzoq va qisqa masofaga yugurish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada 200 ga yaqin ishtirokchi 60, 100, 400, 800 metr masofaga yugurish bo‘yicha bellashdi.
Musobaqa yakunida Z.Xidirova, S.Eshquvvatov, N.Suyarova, S.Mahmudova, S.Alekseyev marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dilfuza MO‘MINOVA.
***
Jet kune do
Yaqinda Tailandning Pattaya shahrida jet kune do bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli musobaqada 91+ kilogramm vazn toifasida kattaqo‘rg‘onlik Furqat Aktamov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Husan Eltoyev.