Tahliliy tanqid – taraqqiyot garovi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.
Deputatlar kun tartibi bo‘yicha viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid bir qator masalalarni muhokama qildi.
Urgutda innovatsion universitet ochiladi
Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xo‘jayev viloyatdagi maxsus iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining ijrosi, investorlar duch kelayotgan muammolar va ularni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotida aytib o‘tdi.
Turkiyada bu borada katta tajribaga ega oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradigan universitet zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi.
Sessiya ishida qayd etilishicha, tumanda yana qator yangi loyihalar amalga oshiriladi. Asosiysi, hudud to‘liq sanoat zonasiga aylantiriladi.
Ziyorat turizmi rivojlanadi(mi?)
Mazkur masala yuzasidan viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori D.Narziqulov hisobot berdi. Mutasaddi viloyatda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, imkoniyat katta bo‘lgan ziyorat turizmi yo‘nalishidagi ishlarga to‘xtaldi. Mavzu deputatlarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.
- Ziyorat turizmi bo‘yicha Malayziya, Indoneziyadan 100 minglab sayyohlar kelishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa, ularga gid xizmatini tashkil qilish haqida o‘ylab ko‘rilganmi? - deydi viloyat Kengashi deputati, SamDChTI rektori I.To‘xtasinov. – Negaki, kelishi rejalashtirilayotgan turk, malay, indonez ziyoratchilarining tili Samarqandda o‘rgatilmaydiyam, o‘rganilmaydiyam.
D.Narziqulovning aytishicha, ushbu yo‘nalishda turizmni rivojlantirish vazirligida zarur ishlar olib borilmoqda. Muhokamalar chog‘ida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha sohaga oid hech bir masala e’tibordan chetda qolmasligi zarurligi aytib o‘tildi. Jumladan, tegishli hududlarda sanitar-gigiyena shoxobchalarining zamon talablari darajasida bo‘lishi ham mas’ullar tomonidan nazorat qilinishi shartligi bildirildi.
Tibbiyotda hammasi joyida
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov bergan ma’lumot shunday taassurot qoldirardi. Biroq deputatlar aslida bunday emasligini va ishni real holatdan kelib chiqib tashkil qilishni tavsiya etishdi.
- Masalan, tizimda hamon shaffoflik yetishmaydi, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev. – Vaholanki, ayni shu narsa poraxo‘rlik va korrupsiyaning urchishiga, oqibatda ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Boshqa bir deputat tizimda ish hisobot uchun qilinayotganiga aniq misol keltirdi. Qayd etilishicha, Yevropadan kelgan investor ishni qaysi yo‘nalishda tashkil qilsa viloyatimizga foydasi ko‘proq tegishini aniqlash uchun soha mutasaddilari bilan uchrashgan. Muloqotdan so‘ng hududda tibbiy xizmat ko‘rsatish shu darajada bo‘lsa investorga hojat yo‘q ekan, degan xulosaga kelgan. Ya’ni, mutasaddilar unga odatiy hisobotni berishgan.
Shu sabab sessiyada viloyatda qaysi tibbiy uskunaga qancha ehtiyoj borligi bo‘yicha aniq tahliliy ma’lumot tayyorlash vazifasi berildi. Tizimda o‘zgarish qilish, xususan, ishni zamonaviy asosda tashkil qilish, xizmat sifatini oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Noqonuniy qurilish bo‘yicha mas’ullar va prokuror eshitiladi
Sessiyada deputat Aziz Ahrorov navbatdagi sessiyada qurilish sohasi mas’ullarining hisobotini eshitish taklifini bildirdi.
- Nazarimda, qurilish, ayniqsa, xususiy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi borasida noqonuniy ishlar ko‘payib boryapti, - dedi Aziz Ahrorov. – Masalan, deputat Badriddin Nasriyev saylov okrugidagi noqonuniy qurilayotgan ko‘p qavatli uy bo‘yicha deputat so‘rovi yubordi, OAVda chiqish qildi. Buzib tashlasin, demayman, ammo noqonuniy qurilmani soha mutasaddilari, hatto prokuratura ham to‘xtatolmayapti, shekilli.
Xuddi shunga o‘xshash holat Samarqand shahrining yana bir hududi – Minsk ko‘chasida kuzatilyapti.
Taklifim – tizim mutasaddilari va tegishli huquq-tartibot organlari sessiyada hisobot bersin: nima uchun deputat so‘roviga bunday munosabatda bo‘linyapti? Nega noqonuniy qurilishni to‘xtatishga prokurorning ham kuchi yetmayapti?
A.Ahrorovning taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Sessiyada viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurovning “2021 yilda Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti, viloyat prokurori, 2-sektor rahbari R.Masharipovning viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan 2021 yil II choragi uchun ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ma’lumot uchun qabul qilindi.
Sessiya ishida Kengash vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.