Vazir qishloq xo‘jaligiga oid masalalarni Jomboyda muhokama qildi

Jomboy tumanida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida agrar sohada samaradorlikni oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan seminarda soha mutasaddilari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlarni kuchaytirish, hosildorlikni oshirish hamda resurslardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, paxta va g‘alla yetishtirishda diversifikatsiya, zamonaviy ekish texnologiyalarini joriy etish, urug‘chilik tizimidagi yangiliklar hamda kartoshkachilik yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Bioo‘g‘itlar, organik agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullarni keng joriy etish, tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan innovatsion yechimlarning amaliy ahamiyati ta’kidlandi.

Mutaxassislar tomonidan fermerlarga agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil etish, hosildorlikni oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida sayyor qabul tashkil etilib, fermerlarning taklif va murojaatlari tinglandi. Ayrim masalalar joyida hal qilindi, muammolar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar, zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.