@Zarafshonbot ga murojaat: "Yo‘limizni kengaytirib beradigan mard bormi?"

Qo‘shrabot tumani “Pichot” mahallasi, Baliqchiota qishlog‘ida yashovchi Sohib Usanov va Bobur Eshmuhammedov tahririyatga murojaat qilmoqda.
"Biz yashaydigan Baliqchiota qishlog‘ida 20 ga yaqin xonadon foydalanadigan 450 metr chamasidagi yo‘l bo‘lib, keyingi paytda bu yo‘ldan aholi foydalanishi qiyin bo‘lib qoldi. Sababi, yo‘l chekkasida joylashgan ayrim tomorqalarga qo‘yilgan yog‘och qoziqlar va sim to‘siqlar yo‘lga shu qadar taqab qo‘yilganki, hatto bitta yengil mashina ham sig‘maydi.
Uning egalariga aytib ham, mahalla raisiga bu haqda bildirib ham muammoni hal etolmadik. Chunki ehtiyoj bo‘lib qolganda yuk mashinalarida, traktor telejkalarida tashiladigan yuklarni bu yo‘ldan umuman o‘tkazishning iloji bo‘lmaydi.
Noiloj, mana shu o‘zboshimchalik bilan to‘sib qo‘yilgan yo‘limizni ochib berishlarini so‘rab, tuman va viloyat tashkilotlari rahbarlariga bir necha bor murojaat qildik. Ammo hamon muammo muammoligicha qolyapti.
Rasmiylarga arzimas bo‘lib ko‘rinayotgan, ammo bizga katta muammo bo‘lgan bu masalani tegishli soha rahbari hal qilib berishi kerak. Mas’ul odam, masalan, sektor rahbari qishlog‘imizga kelsa, masala tezda joyida hal bo‘ladi. Ammo bu amalda bo‘lmayapti.