Navoiyshunoslikning baxtiyor malikasi, taniqli olima Suyima G‘aniyevani yo‘qlab
O‘zbek adabiyotshunosligi jahon adabiyotshunosligi fani uslubida shakllanib taraqqiy topishida yuksak ilmiy ahamiyatga ega asarlari bilan xizmat ko‘rsatgan olimlardan biri Suyima opa G‘aniyeva bo‘ladilar. Opa hayotlarining bahoridayoq faqat ilm yo‘li u kishining cheksiz ma’naviy ehtiyojlarini qondirishini his etdilar va shu yo‘ldangina yurishni ixtiyor etdilar. Bu tanlov bilan Suyima opa fitratan ilmtalab, ma’rifattalab, mehnattalab inson ekanliklarini so‘zsiz namoyon etdilar.
Ilm – Yaratgan dargohidagi eng nodir, tanlanganlargagina in’om etiladigan xazinadir. Butun insoniyat ichidan tanlanganlar ham olimlarni o‘zlarining vorislari deb biladilar. Ilm shunchalar oliy ne’mat, sermashaqqat mehnat, zahmat va fidoiylikdir. Kattami, kichikmi, ilmtalabmi, ilm yoyuvchimi jaholat zulmatiga ignaday nur kiritsagina, Hazrat Navoiy aytganlariday «bu qofila (ya’ni, ahli ilm) tariqi»ga kiradi.
Suyimaxon opa XX asr o‘zbek adabiyotshunosligining, xususan, navoiyshunoslik fanining «mabdai nur»laridan biridir. Opaning tinimsiz izlanishlari va mehnatlari tufayli navoiyshunoslik fani o‘zining tengsiz zaxirasiga ega bo‘ldi.
Navoiy merosini tekstologik nuqtai nazardan o‘rganish sohasida amalga oshirilgan birinchi va katta tadqiqotlar Suyimaxon opa qalamlariga mansub. Olima yaratilayotgan tadqiqotning katta yoki kichik bo‘lishidan qat’iy nazar qo‘lyozmalarning jahon kitob xazinalarida saqlanayotgan turli nusxalarini ko‘rib chiqib, ulardan muhim ilmiy ahamiyatga moliklarini tadqiqot uchun asos qilib oladilar. Bundan tashqari, asarlar fotonusxalarini sinchiklab o‘rganish, o‘nlab qo‘lyozmalarni bir-biriga solishtirish natijasida shoir asarlarining bir nechta redaksiyalari mavjud bo‘lganligi xususida ham ma’lumotga ega bo‘ladilar. Xususan, «Majolis un-nafois» tazkirasining uch redaksiyasi haqida aniq ilmiy ma’lumotlar berib, shoir ijodxonasidagi badiiy tahrir hodisasiga ham munosabat bildiriladi.
Olima o‘ziga xos ilmiy uslubga ega. U matnlar qatidagi ko‘pchilik e’tiborini tortmagan, ammo o‘quvchi uchun g‘oyat foydali, qiziqarli biror hodisaga diqqatini qaratadi. Xususan, Hazrat Navoiyning Unsiyadagi kutubxonasi tarkibi, mazmun-mudarijasi haqidagi qiziqishlar navoiyshunoslarni ko‘pdan buyon o‘ylantirib keladi. Opa bu sohada katta bir ishni amalga oshirdilar. «Navoiy yodga olgan asarlar» nomli kitoblarida shoirning boy va serqirra adabiy, ilmiy merosida u o‘rgangan va istifoda qilgan asarlarning to‘liq ro‘yxatini va bu asarlar haqida ma’lumotlarni keltiradilar. Shoir ijodiga qiziqqan va tasavvuf ilmini o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun katta qulaylik yaratilgan bu risolada Navoiy tilga olgan asarlar ro‘yxati alifbe tartibida keltirilib, ularning mazmuni haqida ham izoh va qaydlar beriladi.
Suyimaxon opa Navoiy davri, uning ishtirokida yaratilgan adabiy muhit ishtirokchilari va xususiyatlarini chuqur o‘rganishga intilganlar. Shavkatli shoh va dilbar shoir Husayn Boyqaro asarlari qo‘lyozmalari va nashrlari, devoni va risolasi nashrlari bilan o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridayoq, o‘sha paytdagi davlat siyosati Sohibqiron Amir Temur va temuriyzodalarga noxolis munosabatda bo‘lgan, sovet tuzumiga qadar o‘tgan hamma hukmdorlar qoralangan bir davrda shug‘ullanganlar.
«Navoiy xonadoniga mansub shoira» (1987), «Tab’i xub, kalomi marg‘ub» (1996), «Yetib el dardina ortuq biligi» (1996), «Gavharshodbegim», «Saroymulkxonim» (1999), «Muxammasi Mo‘min Mirzo bir g‘azali Chomy» (2000), «Boysung‘ur Mirzoning Firdavsiy «Shohnoma»siga yozgan debochasi» (1996), «Faxriy Hirotiyning «Javohir ul-ajoyib tazkirasi» (1999), «Shoh G‘arib Mirzoning yangi topilgan g‘azali» (1999), «Navoiyning katta zamondoshi Mehri Hirotiy» (1960) kabi maqolalar olima izlanishlari diapazonining kengligi va uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Suyima G‘aniyevaning o‘zi ham qomusiy bilimlarga ega olima edilar, desak bag‘oyat to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, romantizm ruhi hali hamon ufurib turgan bir davrda yaratilgan, ayniqsa, markazi Hirot bo‘lgan temuriylar tamadduni davrida yaratilgan badiiy asarlar o‘sha davr ilmu fanining barcha yutuqlarini o‘zida mujassam etib, butun bir davr ruhiyati va ilmiy, madaniy tafakkurini o‘zida aks ettirgan. Shunday ekan, bu davr adabiyoti bilan shug‘ullangan mutaxassis nihoyatda chuqur bilimlar sohibi bo‘lishi kerak yoki ish jarayonida xuddi shunday shaxsga aylanadi. Shu boisdan qaysi mavzuda bo‘lmasin, suhbat qurilmasin, Suyima opadan katta va bag‘oyat foydali ma’naviy madad olish mumkin edi.
Davrimizning yuksak madaniy hodisasi bo‘lgan akademik nashr – Alisher Navoiy Mukammal asarlari to‘plami 20 jildligining 13-, 14-, 15-, 16-, 17-jildlari, Hazrat Navoiyning «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Xamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javohir», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Arba’in», «Siroj ul-muslimiyn», «Munojot», «Risolai tiyr andoxtan», «Nasoyim ul-muhabbat» (hammualliflikda) kabi o‘n to‘rtta asarlari matnlarini izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlab bergan allomai davron Suyimaxon opa bo‘ldilar.
Ko‘p yillik hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, foydali maslahatlar berar edilar. “Bir narsaga amin bo‘ldim, - degan edilar bir suhbatda, - ulug‘ insonlar nomlarini tilga olaversangiz, meroslarini o‘rganib, asarlariga murojaat etib tursangiz, shu o‘tgan insonlarning ruhi poklari doimo Siz bilan birga bo‘lar ekan. Ularning nazoratida turar ekansiz. Men buni yaqqol his etdim”.
Samarqandda ko‘p mehmon bo‘lar edilar. Taklif etilsalar, albatta kelar edilar. Shogirdlari bilan faxrlanib, ularning kitoblari taqdimotlarida ham qatnashar edilar. Karomatxon Mullaxo‘jayevani, Olimjon Davlatovni, Komiljon Rahimovni ko‘p tilga olar, yoshlarning ilm sohasidagi xizmatlarini e’tirof etishni yoqtirar edilar.
Samarqandga kelgan chog‘ida do‘stu yorlari, birodarlarini ko‘rib, bir necha daqiqa bo‘lsa ham suhbatlashib ketishni odat qilgan edilar. Dunyodan o‘tgan tanish-bilishlarining uylariga borib, duoi fotiha qilib, yaqinlaridan ko‘ngil so‘rab qaytar edilar.
Dilkash inson, dilbar ayol edilar. Yumorga boy edilar. Yuz-ko‘zlari doimo kulib turar edi. Biror marta g‘amgin yoki ma’yus bo‘lganlarini ko‘rmaganman. Matonatli edilar.
Suyimaxon opa Hazrat Navoiy ijodini dildan sevgan va shahzoda Farhodsifat fidoiy mehnat bilan bu betimsol daho ijodkorni elga sevdirgan olima edilar. Shu boisdan Navoiyni sevgan inson bevosita Suyimaxon opani sevib qolar edi, Suyimaxon opani ko‘rgan inson uning go‘zal yuzu ko‘zlarida Navoiy ma’rifati quyoshidan yoqqan nurlarni ko‘rar edi. Hayotni sevar edilar. O‘zlariga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan majlisda, Prezident huzurida Alisher Navoiyning: “Xushdurur bog‘i koinot guli, borchadin xushroq hayot guli” baytini o‘qigan edilar.
Dilorom Salohiy,
Samarqand davlat chet tillar instituti professori, filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.