Shafqatsiz hayvonlar

Inson yer yuzidagi eng shafqatsiz mavjudot va hatto hayvonlarga ham xos bo‘lmagan harakatlarni qiladi, degan fikr bo‘rttirib aytilgan. Tabiatda insoniyat olamida bo‘lganidek, turli xil hodisalar misollari mavjud. Qarama-qarshi faktlarga duch kelgan Tochka.by jurnalisti odatda “kichik birodarlar” deb ataladigan jonzotlar qilg‘iliqlari misollarini to‘pladi.

Qarg‘alar va adovat

Qarg‘alar hatto odamlarning yuz xususiyatlarigacha bo‘lgan eng mayda detallarni eslab qolish qobiliyatiga ega. Agar ularga kimdir yoqmay qolgan bo‘lsa, bu qushlar hech qachon uni unutmaydi.

Olimlar tajriba paytida kuzatuvchilardan biri laboratoriyaga kirganida qarg‘alar juda shovqinli bo‘lib qolganini payqashdi. Shunda qushlar ularni tutganlarga nisbatan nafrat va g‘azab qilishi aniqlandi. Bundan tashqari, ular ma’lumotni o‘z avlodlariga genetik tarzda yetkazishga qodirligini payqashdi: negaki, keyinchalik jo‘jalar ham aynan shu olimlarga nisbatan xuddi shunday munosabatda bo‘lishdi.

Chumolilarning o‘z qo‘llari bor

Chumolilarning ba’zi turlari o‘simlik bitlarini o‘ziga bo‘ysundirib, ular ajratib chiqaradigan shirinlikni iste’mol qiladi va buning evaziga ularni yirtqichlardan himoya qiladi. Munosabatlar uyg‘un ko‘rinsa-da, aslida bitlar qullikda saqlanadi. Mabodo ular qochib ketishga uringudek bo‘lsa, qul tizimini saqlab qolish maqsadida chumolilar maxsus feromonlardan foydalanib, ularni gangitib qo‘yishadi. Shu tarzda bir hasharot boshqasini o‘zi uchun ishlashga majbur qiladi.

Akulalar omon qolish uchun ona qornida birodarini yeydi

O‘zining yirtqich tabiatini akula tug‘ilishidan oldin ham namoyon qiladi. Tashqi tomondan juda xotirjam ko‘rinadigan homilador yirtqichning qornidagi bir necha o‘nlab urug‘langan tuxumlar rivojlanib, ona qornida o‘la-o‘lguncha hayot uchun kurashadi. Ilmiy jihatdan bu hodisa embrion kannibalizmi deb ataladi va u deyarli barcha zamonaviy akulalarga xosdir.

Ayol makridan...

Olimlar tomonidan “makrli ayollar” laqabini olgan Photuris yaltiroq qo‘ng‘iz urg‘ochilari boshqa turlarga taqlid qilib, erkaklar e’tiborini jalb qiladi. Natijada, qo‘shni “qabila”ning aldangan qo‘ng‘izi uning yeguliligiga aylanadi. Photuris urg‘ochilari hatto boshqa qo‘ng‘izlar to‘rlariga tushgan erkak tillaqo‘ng‘izlarni o‘g‘irlashga qodir. Bu hodisa kleptoparazitizm deb ataldi.

Bunday ov, bir tomondan, raqobatchilar populyasiyasini kamaytirishga, boshqa tomondan esa keyinchalik qo‘yilgan tuxumlar uchun himoya vazifasini bajaradigan toksinlarni olishga imkon beradi.

Kakkular bolalarini rad etadi

Kakku qushlar yaxshi onalar emas, ular ko‘pincha tuxumlarini boshqa qushlar uyalariga tashlab qo‘yadi. Bunday vaziyatda uni hurmatga sazovor qiladigan yagona narsa shundaki, ular “farzand asrab oluvchilar”ni tanlashda mas’uliyat bilan yondashadi. Bo‘lajak sobiq ona ularni kuzatib boradi va yangi oilaning qo‘payishi vaqtiga moslashadi, o‘z tuxumining rivojlanish tezligini (vaqti-vaqti bilan uni sovuq suvga qo‘yish orqali) nazorat qilib boradi.

O‘smirlarni otaliqqa olish

So‘nggi o‘n yilliklarda Afrika noma’lum sabablarga ko‘ra yosh fillarning karkidonlarni o‘ldirishi muammosiga duch keldi. Mahalliy nazoratchilar “katta birodar” dasturini boshlab yuborib, unda “tarbiyasi og‘ir o‘smir”ni nazorat qilishi uchun ular yoniga katta fillarni vasiy qilib qo‘yishdi. Bu qanchalik g‘alati tuyulmasin, g‘oya ish berdi va yo‘q qilingan karkidonlar soni sezilarli darajada kamaydi.

O‘ynoqi mushuklar

Uy hayvonlarining ham yovvoyi odatlari bor. Mushuk va sichqon o‘yini haqiqiy hodisaga asoslangan bo‘lib, kemiruvchi yeb qo‘yilishidan oldin uzoq vaqt qiynoqqa solinadi. Ko‘plab olimlar buni oddiy o‘yin-kulgi bilan bog‘laydi, boshqa mutaxassislar mushuklar shu tarzda o‘zining ovchilik mahoratini oshirib borishiga amin. Buning ajablanarli joyi yo‘q: ilmiy sistematika nuqtai nazaridan, hatto uy mushugi ham yirtqich hayvon sifatida tasniflanadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.