Bir haykalning ikki yuzi yoki Mefistofel va Margaritaning qo‘sh haykali

XIX-asrda noma’lum fransuz haykaltaroshi tomonidan qadimiy Sikomor (O‘rta yer dengizi havzasida o‘sadigan eng qadimgi mevali o‘simliklardan biri) daraxtining bir bo‘lagidan yaratilgan Mefistofel va Margaritaning ikki yuzli qo‘sh haykali dunyodagi eng mashhur yodgorliklaridan biridir. Ushbu san’at asari Hindistonning Haydarobod shahridagi Salar Jang muzeyida saqlanadi.
Balandligi 177,2 santimetr bo‘lgan kompozitsiya butun dunyoda “Mefistofel va Margaritaning qo‘sh haykali” sifatida tanilgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, muallif Gyotening mashhur “Faust” dramasidagi ikki qahramonni mujassam etib, bir tomonda erkak, ikkinchisida esa ayol obrazini o‘yib chiqqan.
Tomoshabin bir vaqtning o‘zida bira to‘la ikkita tasvirni ko‘ra olishi uchun haykal orqasida o‘rnatilgan maxsus ulkan oyna noma’lum ustaning benuqson mahoratini baholash va ijodining kompozitsion maqsadini tushunish imkonini beradi. Bunday san’at asari murakkablik darajasi bo‘yicha so‘nggi ikki asr davomida deyarli tengsiz bo‘lib kelmoqda.

Mefistofel qarshisida turgan tomoshabin mag‘rur, kekkaygan, takabbur, yuzida bepisand tabassum qotgan badjahl erkak qiyofasini ko‘radi. Ammo chapga yoki o‘ngga qadam qo‘yganda, tomosha burchagi o‘zgaradi va ko‘zgu aksida bir qo‘lida ibodat kitobini tutgan, itoatkorlik bilan bosh egib turgan nozik va nafis Margaritani ko‘radi.
Aynan shu nomutanosiblik tomoshabinni hayratga soladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu kompozitsiya nemis yozuvchisi va mutafakkiri Iogann Volfgang Gyotening deyarli 60 yillik umrini bag‘ishlagan (g‘oyani tarbiyalagan, syujetni o‘zgartirgan, qayta yozgan va qayta nashr etgan) “Faust” falsafiy dramasiga to‘la mos tushgan.
***
O‘zlarining betakror asarlari bilan usta haykaltaroshlar atrofdagi dunyoga o‘z munosabatlarini shunday ifodalab, odamlarni hayratda qoldiradi, ilhomlantiradi. Ayrim eksponatlar bizga qadimdan yetib kelib, o‘ziga xosligini yo‘qotmagan bo‘lsa, zamondoshlarimiz tomonidan yaratilgan boshqa san’at asarlari ham maftun qilishda, zavqlantirishda davom etmoqda. Ular haqida boshqa maqolalarda to‘xtalib o‘tamiz.