10 kilodan sal kam: eng katta tug‘ilgan chaqaloqlar
Odatda tug‘ilgan chaqaloqning o‘rtacha vazni uch-to‘rt kilogramm atrofida bo‘ladi. Ba’zida qayerdadir vazni 5 kilogrammli va undan katta bo‘lgan haqiqiy pahlavon tug‘ilgani haqidagi xabarlarni ham eshitib turamiz. Tarix esa dunyodagi eng katta chaqaloqning vazni deyarli 10 kilogramm bo‘lganligi haqida gapiradi...
“Chaqaloq” - 9,98 kilogramm (Kanada)
Uning vazni qariyb 10 kilogramm edi. Onasi Anna Beytsning bo‘yi 2 metr, 41 santimetr, 1879 yilning yanvar oyida tug‘ilgan o‘g‘lining bo‘yi esa 71,12 santimetr edi. Afsuski, bola tug‘ilishidan 11 soat o‘tib vafot etdi. Unga ism ham berilmadi, hamma uni Chaqaloq (Babe) deb chaqirgan.
Chaqaloqning otasi Martin van Byoren Beyts u haqda shunday yozgan: “Uning bo‘yi 71 santimetrdan ziyodroq, vazni 9,98 kilogramm bo‘lib, bolakay har jihatdan mukammal edi. Tug‘ilgan paytida u olti oylik chaqaloqqa o‘xshardi”.
Martinning o‘zi ham juda bo‘ybaland edi, xotinidan bir oz pastroq bo‘lsa-da, 2 metr, 36 santimetrga yetardi. Sirk truppasida ishlagan juftlikning 13 nafar farzandi bo‘lgan.
Akbar Hasaniddin, 8,7 kilogramm (Indoneziya)
2009 yilda Indoneziyada vazni 8,7 kilogramm bo‘lgan chaqaloq tug‘ildi. 40 daqiqalik kesar yo‘li jarrohligi orqali 41 yoshli Ani Hasaniddin o‘g‘illi bo‘ldi. Onaning glyukoza darajasi yuqori va chaqaloqning aql bovar qilmaydigan kattaligiga qaramay, onaning ham, o‘g‘lining ham sog‘lig‘i qoniqarli edi.
Nadejda Xalina, 7,75 kilogramm (Rossiya)
Bu qiz Rossiyadagi eng katta tug‘ilgan chaqaloqqa aylandi. Tatyana Xalinaning birinchi farzandi 4,1 kilogramm vaznda tug‘ildi. Ko‘p bolali oiladagi har bir keyingi farzand oldingisiga qaraganda og‘irroq tug‘ilar edi. Nadya esa Tatyananing o‘n birinchi - so‘nggi farzandi bo‘ldi.
Xalinlar oilasi Oltoy o‘lkasining Aleysk shahrida yashaydi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu holat juda qiziq va noyob, hech kim bunday "syurpriz"ni kutmagan, chunki Tatyananing ham, uning erining ham bo‘yi va vazni o‘rtacha, ular boshqalardan unchalik farq qilmaydi. Kim biladi deysiz, agar ular yana bir bor farzandli bo‘lishni istaganida, dunyodagi eng katta tug‘ilgan chaqaloqning ota-onasiga aylanib, yangi rekordga egalik qilarmidi...