Insoniyat yildan-yilga yosharmoqdami?
Oilaviy fotoalbomingizga ko‘zingiz tushganida, o‘sha paytdagi suratlarga qarab, nega ota-onalar bunchalik katta va jiddiy ko‘ringan ekan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ushbu savolning bir qancha mantiqiy tushuntirishlari bor: insoniyat haqiqatan ham yildan-yilga yosharmoqda.
Olimlar avlodlar tashqi ko‘rinishidagi bu tafovut bilan qiziqib, nega bugungi odamlar o‘sha yoshdagi ota-onalaridan ancha yoshroq ko‘rinishini aniqlashga qaror qildi.
Biologik qarish sekinlashgan
Qarish tushunchasi nafaqat o‘zgardi: agar 150-200 yil oldin 50 yoshli odam keksa deb hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda bunday yosh “o‘rta kech yoshi” deb ataladi. Har bir insonning o‘z biologik soati mavjud bo‘lib, tashqi ko‘rinishi kamdan-kam hollarda haqiqiy yoshiga to‘g‘ri keladi. Amerikalik tadqiqotchilar so‘nggi paytlarda biologik qarish tobora sekinroq sodir bo‘lmoqda, shu sababli keyingi avlod vakillari yoshlikni uzoqroq saqlaydi, degan xulosaga kelishdi.
Odamlar kamroq tamaki chekyapti
2010 yilda 24 yoshgacha bo‘lgan har to‘rt kishidan biri tamaki chekishga qaram bo‘lgan. 2017 yilgi ma’lumotlar esa 24 yoshgacha hatto chekishni ham sinab ko‘rmaganlar soni 70 foizga oshganligi aniqladi.
Bu nafaqat aksariyat mamlakatlardagi jamoat joylarida chekishni taqiqlash va tamaki narxi har kuni o‘sib borayotganligi bilan bog‘liq, asta-sekin sog‘lom turmush tarzini tanlab, o‘z salomatligiga g‘amxo‘rlik qilayotgan yoshlar soni ortib borayotganining dalolatidir. Chekish go‘zallik uchun eng zararli odatlardan biri bo‘lganligi sababli, inson uchun teri yoshligini yo‘qotishdan ko‘ra bu odatdan voz kechish osonroqdir.
Zamonaviy hayot kam energiya sarflashni talab qiladi
Ilgarilari changyutgichlar kamdan-kam bo‘lgan va kirlar qo‘lda yuvilgan yoki metall taxta ishlatilgan. Avvallari ayollarning ishlash, farzand tarbiyasi, eriga g‘amxo‘rlik qilish kabi tashvishlari ham kam emas edi. Ushbu kundalik muammolarni hal qilish uchun qancha vaqt va kuch sarflanardi.
Bugungi kunda uy yumushlarini bajarish ancha osonlashdi: kirlarni mashinada yuvish mumkin, kechki ovqatdan keyin likopchalar va idishlarni yuvish mashinasi yuvadi, robot changyutgich uylarni tozalab qo‘yadi. Ayollarda dam olish va o‘z-o‘zini parvarish qilish uchun ko‘proq vaqt bor, ya’ni zamonaviy ritmda ham odamlar o‘zlari uchun bir lahza ajrata oladi.
Stomatologiya darajasi oshdi
Yuz shakli va tishlarimizning holati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud: yonoqlar va lablar tishlar va jag‘ga tayanadi, shuning uchun tishlarning shikastlanganligi yoki ularning yo‘qligi tom ma’noda yuz tuzilishini buzadi. Stomatologiyaning bugungi darajasi ota-onalarimiz chidashga majbur bo‘lgan har qanday kamchiliklarni tuzatishga imkon beradi. Bundan tashqari, endi tish shifokori ishining natijalari ancha uzoq saqlanadi: dorilar yanada sifatli bo‘lib, mutaxassislar bilimi oshgan.
Ijobiy kayfiyat uchun ko‘proq imkoniyatlar bor
Ijobiy his-tuyg‘ular kulgi kabi umrni uzaytiradi va hatto kasalliklarni yengishga yordam beradi. Bundan tashqari, hayotga ijobiy qaraydigan odamlar har qanday kasallik kabi bizni qaritib, qo‘shimcha ajinlar qo‘shadigan stressga kamroq moyil bo‘ladi.
Zamonaviy yoshlar dunyo bo‘ylab sayohat qilish, o‘zlari yoqtirgan narsa bilan shug‘ullanish, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, dunyoning turli burchaklaridagi odamlar bilan muloqot qilish va do‘stlashish imkoniyati kabi juda ko‘p quvonch manbalariga ega. Yangi avlod dunyoni o‘rganishga va zavqlanishga intiladi, demak ular aniqlik va ravshanlikni uzoqroq saqlab qolishadi. Bu esa o‘z navbatida, tashqi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Yoshlar og‘ir jismoniy mehnatni talab qilmaydigan kasblarni tanlamoqda
Yoshlar sharoitlari tanaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarga qo‘shilishni xohlamaydilar. Shu sababli ular yuqori maoshga ega IT, marketing yoki moliya sohasi mutaxasslik kasblarini o‘rganishmoqda.
Bunday kasblar doimiy rivojlanishni talab qiladi, bu esa, o‘z navbatida, miya salomatligi va faoliyatini saqlashga yordam beradi. Ofis ishi og‘ir jismoniy mehnat va zararli ishlab chiqarish sharoitlarini istisno qilganligi bois, bunday faoliyat tanaga kamroq zarar yetkazadi, deydi mutaxassislar.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.