1 dekabr - OITSga qarshi kurashish kuni: “Tenglik vaqti” tengsizlikni bartaraf etadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda OIV infeksiyasidan aziyat chekayotgan 40 millionga yaqin bemor bor. Ular soni yiliga o‘rtacha 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti.
Bunday xavotirli ko‘rsatkichlar mazkur yuqumli kasallik insoniyat salomatligi uchun naqadar jiddiy tahdid ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, OIV va OITS butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim bo‘lgan global muammodir.
Zokir Umurzoqov, Samarqand viloyati OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori, Samarqand davlat tibbiyot universiteti epidemiologiya kafedrasi mudiri:
- Markazimiz xodimlari insonlar salomatligiga, millat genofondiga jiddiy xavf solayotgan odam immuniteti tanqisligi sindromi kasalligining oldini olish, undan himoyalanish, tashxis, davolash samaradorligini oshirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish uchun bor kuch hamda imkoniyatlarini ishga solmoqda. Yaqinda markazda shifokor, autrich va psixologdan iborat mobil ko‘p tarmoqli brigada tashkil etilib, ayni paytda ushbu brigada a’zolari bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatmoqda. Bu esa tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish imkonini beryapti.
Dilafro‘z Allazova, markaz poliklinika mudiri:
- Infeksiyalanganlarning 95 foizi antiretrovirus terapiyasini olishi kerak. Shunda muolaja olgan bu bemorlarda virus yuklama pasayadi. Kezi kelganda shuni aytish joizki, 2014 yildan buyon BMTning OIV va OITSga qarshi kurash bo‘yicha “95-95-95” qo‘shma dasturi asosida ish olib boryapmiz. Bundan tashqari, “Ishonch xonalar”, “Do‘stona xonalar” bazalarida, ko‘chma laboratoriyalarda, shuningdek, jamoat tashkilotlari ishtirokida tezkor OIV testlaridan foydalanish orqali aholini infeksiyaga tekshiruvlar bilan qamrab olishni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Har bir aniqlangan holat bo‘yicha epidemiologik, laboratoriya va davolash jihatlari hamda real vaqt rejimida diagnostikum, dori vositalari harakatini inobatga olgan holda monitoring axborot tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Mavluda Chuyanova, markaz laboratoriya majmuasi mudiri:
- Viloyat OITSga qarshi kurashish markazi laboratoriya majmuasida shahar va tuman tibbiyot birlashmalaridan olib kelinayotgan qon namunalari tarkibini sifatli tahlil etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Bu yerda OIV infeksiyasiga immunoferment usulida tekshirishdan tashqari tahlillarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi immunoblot usuli ham amaliyotga joriy etilgan. Yaqinda mazkur majmua to‘liq ta’mirdan chiqarilib, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy uskuna va laboratoriya jihozlari o‘rnatildi.
Jumladan, Samarqand viloyat hokimligi tomonidan polimer zanjir reaksiyasi tahlillarini o‘tkazadigan, Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan 2 dona "DNK-96" texnologiya apparati, laminar shkaflar olib berildi.
Dilrabo Pardayeva, markaz xodim:
- Davolash profilaktika muassasasida 2020 yilda yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bazasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining epidemiologiya kafedrasi tashkil etildi. Bu nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashda qo‘l kelmoqda.
Mazkur kasallikka chalingan bemorlar barcha insonlar qatori bir xil. Ular faqat dori-darmon bilan yashayotganini hisobga olmaganda, boshqa hech qanday farqli jihati yo‘q. Shuning uchun OITSga chalingan insonlar haqida eshitganda vahimaga tushmaslik, ularga boshqa odamlar qatori muomala qilish nafaqat bemorning o‘ziga, balki jamiyat uchun ham muhim. Sababi, tengsiz munosabat bemorlarning o‘z kasalini yashirishiga hamda tegishli joylarda bu haqda aytishiga to‘sqinlik qiladi. Ular barcha qatori teng inson ekanligini unutmasligimiz kerak.