1 dekabrdan “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi

🔰 “Ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5136-son, 04.06.2021 y.) qabul qilindi

✅ Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan:

👉 ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan ko‘chma savdo ob’yektlarini elektron tarzda “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi;

👉 ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo ob’yektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha “K – SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

🧮 Bunda, auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi. 

Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga “K – SAVDO” AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.

✅ Bundan tashqari, qarorga ko‘ra:

● savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmaydi;

● sotadigan tovarlari va (yoki) ko‘rsatadigan xizmatlari turidan qat’i nazar bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladi, deydi Huquqiy axborot.