1 noyabrdan fuqarolar hisoblagichni 8 yilda bir bor qiyoslashdan o‘tkazadi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 noyabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik hamda issiq suvni hisobga olish uskunalarini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Endi iste’molchilar bevosita davlat xizmatlari markaziga so‘rovnoma yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda murojaat qilgach, hisoblagichlar 5 ish kunida yechib olinadi, 3 ish kunida qiyoslashdan o‘tkazilib, 3 ish kunida o‘rnatiladi. Hisobga olish uskunasini yechib olish, qiyoslovdan o‘tkazish, o‘rnatish bo‘yicha bir vaqtda murojaat qilinganda faqat bir marta haq undiriladi. Uskunani yechish va qayta o‘rnatib berish uchun aholidan to‘lov talab qilinmaydi. Yana bir qulayligi jismoniy shaxslar 8 yilda, yuridik shaxslar esa har 4 yilda uskunani qiyoslashdan o‘tkazadi.
Hisobga olish uskunalarini yechish xizmati joylardagi hududiy elektr tarmoqlari, gaz, issiq suv korxonalari va majburiy ijro byurosi vakillari va fuqaro ishtirokida o‘tkaziladi. Hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun jismoniy shaxsdan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (hozirda 44 ming 600 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Yuridik shaxslar esa bazaviy to‘lovning 1,5 barobari miqdorida bankdagi tegishli hisob raqamiga mablag‘ o‘tkazishi talab etiladi. Hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish nazarda tutilmagan hollarda yechish yoki o‘rnatish uchun yig‘im undirilmaydi. Qolgan barcha jarayonlar ta’minotchi korxonalar tomonidan bajariladi.
Akmal TURABOV,
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi yuristkonsulti.