10 martdan buyon Samarqand viloyatidagi barcha ijtimoiy soha ob’yektlari dezinfeksiya qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining ko‘rsatmalarida ushbu ofatga qarshi kurashda joylarda ommaviy dezinfeksiyalash tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazish topshirilgan.
Nafaqat koronavirus, balki barcha o‘tkir respiratorli yuqumli kasalliklarda ochiq yuzalarni kimyoviy zararsizlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shularni inobatga olib, mart oyining 10-sanasidan boshlab Samarqand shahridagi aholi gavjum joylar, bozorlar, avtoshohbekatlar, markaziy ko‘chalar, ijtimoiy soha ob’yektlarida davomli dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, ushbu davrda o‘quv muassasalarida jami 2355 marotaba, 1798 ta yo‘lovchi tashish texnikalarida, 132 ta ma’muriy binolarda, 14 ta bozor, 54 ta yirik savdo maskanlarida, shuningdek 500 dan ortiq boshqa ob’yektlarda joriy dezinfeksiyalash ishlari olib borildi.
Ushbu tadbirlarni sifatli tashkil etish uchun joylarda amaliy taktik o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlarga viloyat hokimligi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Markaziy harbiy okrug, ichki ishlar boshqarmasi, Samarqand harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiya, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyasi hamda obodonlashtirish boshqarmalarining maxsus texnikalari va shaxsiy tarkibi jalb etilmoqda.
Samarqand viloyati FVB matbuot xizmati.