10 yoshli bolaga uyida tug‘ilganlik guvohnomasi berildi

Kattaqo‘rg‘on tumanidan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Yonboshsoy qishlog‘ida yashovchi Jonibek Boboqulov yaqinda 10 yoshni qarshi oladi. Buvisining qaramog‘ida qolgan Jonibek uchun tuman FHDYo bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik guvohnomasi bepul tarzda rasmiylashtirilib berilgani bayram arafasida unutilmas sovg‘a bo‘ldi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Har bir bola – mehr va e’tiborda” mavzusida tashkil etilgan aksiya doirasida ko‘plab oilalarni qiynab kelayotgan shu kabi muammolar o‘z yechimini topdi.

— Nevaram Sevinchga oilaviy muammolar tufayli 10 yildan buyon tug‘ilganlik guvohnomasi ololmayotgan edim, — deydi kattaqo‘rg‘onlik H.Arslonova. — FHDYo bo‘limi o‘zlari kelib, muammoimizni o‘rganib, hal qilib berishdi. Guvohnomani ham hech qayerga bormasdan, bepul, o‘z uyimizda qabul qilib oldik. Bolalarimizga qaratilayotgan bunday e’tibordan mamnunmiz.

Xususan, Bulung‘ur tumanining Erganakli qishlog‘ida yashovchi, 2016 yilda tug‘ilgan Iroda Uralovaga ham guvohnoma olish masalasi moddiy muammolar sabab e’tiborsiz qoldirilgan. Tuman FHDYo bo‘limi tomonidan uning va tumandagi 10 nafarga yaqin ana shunday sabablar bilan guvohnoma ololmay kelayotgan oila farzandlariga tug‘ilganlik guvohnomasi bepul rasmiylashtirib berildi.

Ta’kidlash kerakki, aksiya doirasida viloyatning barcha tuman va shahar FHDYo bo‘limlari tomonidan tug‘ilganlik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan bolalarga tug‘ilganlik guvohnomalari muddati o‘tganligi qayd etilib, bepul tarzda rasmiylashtirib berilmoqda. Bunda asosan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yaqin qarindoshlari qaramog‘ida qolgan bolalarga e’tibor qaratildi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.