11 aprel - Xalqaro «Fashistik konslager asirlarini ozod qilish» kuni
Ushbu sanani xotirlash 1945 yil 11 aprelda sodir bo‘lgan "Buxenvald" konslageri asirlarining internatsional qo‘zg‘oloni xotirasiga bag‘ishlab joriy etilgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniyada konslager (siyosiy, ijtimoiy, irqiy, diniy va boshqa sabablarga ko‘ra qamoqqa olingan odamlarni ommaviy saqlash joyi)lar keng tarqalgan. Ularda asosan antifashist, birinchi navbatda, kommunist, sotsial-demokratlar, kasaba uyushmalari a’zolari, shuningdek, irqiy, diniy, ijtimoiy va boshqa sabablarga ko‘ra ta’qib qilingan shaxslar saqlanardi.
Germaniyadagi birinchi konslager Daxau yaqinida 1933 yil mart oyida tashkil etilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan avval Germaniya qamoqxona va konslagerlarida 300 ming nemis, avstriyalik va chexiyalik antifashistlar bo‘lgan. Keyingi yillarda fashistlar Germaniyasi o‘zi bosib olgan Yevropa mamlakatlari hududida ulkan konslagerlar tarmog‘ini yaratgan, ular millionlab odamlarni ommaviy o‘ldirish joylariga aylangan.
O‘n, yuz minglab mahbuslar saqlangan va halok bo‘lgan konslagerlarga quyidagilar kiradi: Osvensim - 4 million, Maydanek - 1,38 million, Mautxauzen - 122 ming, Zaksenxauzen - 100 ming, Ravensbryuk - 92,7 ming, Treblinka - 80 ming, Shtuttof - 80 ming mahbus saqlangan. Ushbu lagerlarda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 12-15 foizni tashkil etgan.
Sobiq SSSR hududidagi konslagerlarda ham o‘n minglab odam qurbon bo‘lgan.
18 million mahbusning 11 millioni 14 000 ta o‘lim punktlari - lagerlar, qamoqxona, gettolarda yo‘q qilingan. Birgina Osvensim konslagerida odamlarni yo‘q qilish quvvati kuniga 30 000 kishigacha bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidagi umumiy yo‘qotishlarning 20 foizi bolalardir.
Lagerda mahbuslar qiynoqqa solingan, ular ustidan tibbiy tajribalar o‘tkazilgan, ochlikdan o‘ldirilgan, yirik sanoat firmalari egalari tomonidan ekspluatatsiya qilingan. Faqatgina Buxenvaldda 56 000 dan ortiq 18 xil millat odamlari halok bo‘lgan.
Lagerda fashizmga qarshi qarshilik guruhlari faoliyat yuritgan. 1945 yil 11 aprelda Buxenvald asirlari ittifoqchi qo‘shinlar yaqinlashayotganini bilib, qo‘zg‘olon ko‘tarishgan. 200 ga yaqin soqchilar asirga olinib, qurolsizlantirilgan va lager qo‘zg‘onlonchi-mahbuslar qo‘liga o‘tgan. 12 aprel kuni Amerika qo‘shinlari lagerga kirishgan.
Gitlerning mag‘lubiyati bilan Germaniyadagi konslagerlar tizimi tugatilgan. Nyurnbergdagi Xalqaro harbiy tribunalda insoniyatga qarshi jinoiy ishlar ko‘rib chiqilgan.
1988 yil 22 iyunda «Fashizmning voyaga yetmagan sobiq asirlari xalqaro ittifoqi» tuzildi. Fashistlarning insoniyat ustidan qilgan dahshatli jinoyatlari hozirgi kungacha o‘rganilmoqda.
Butun dunyoda "fashistlar konslager asirlarini ozod qilish xalqaro kuni" xotira tadbirlari, halok bo‘lganlarni xotirlash, fashizm qurbonlari qabr va dafn etilgan joylariga gullar qo‘yish bilan nishonlanadi.
G.Xoldorova tayyorladi.