117 ming quti kontrafakt sigaret Samarqandga qanday kelib qolgan edi?
Avvalroq Samarqanddagi markaziy chiqindi poligonida bojxona xizmati organlari tomonidan qonunbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan hamda sud qaroriga asosan yo‘q qilinishi belgilangan 1,7 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari utilizatsiya qilinganini xabar qilgandik.
Xo‘sh, shuncha miqdordagi sigaretlar Samarqandga qanday kelib qolgan? Viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilari masalaga oydinlik kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning noyabr oyida 114 ming quti sigaret hamda chilim uchun tamaki mahsulotlari xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan. Hujjatlarda uning respublikamiz hududidan tranzit tarzida boshqa mamlakatga olib o‘tilishi ko‘rsatilgan.
Biroq, keyinchalik Samarqanddagi "Jartepa" bojxona postidan chiqib ketayotgan mashina tekshirilganda yukxona bo‘m-bo‘sh bo‘lib, hujjatlarda ko‘rsatilgan tamaki mahsulotlari yo‘qligi oydinlashgan. Surishtiruvlar davomida ushbu mahsulotlar Bulung‘ur tumanidagi xonadonlardan biriga tushirib qoldirilgani fosh qilingan. Shu tarzda kontrafakt mahsulotlarning respublikamiz ichki bozorlariga chiqib ketishi oldi olingan.
Shuningdek, joriy yilning may oyida viloyatda aniqlangan yana bir holatda qiymati 48 mln. so‘mlik 2760 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan edi.
Bugun ayni shu ikkala holat yuzasidan sudning tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish bo‘yicha qarori ijrosi ta’minlandi.
Jarayonda jamoatchilik vakillari, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Majburiy ijro byurosi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari vakillari ham ishtirok etdi. Tamaki mahsulotlari maxsus texnikalar ko‘magida yanchildi, suvga bo‘ktirildi va yakunda butunlay yaroqsiz holga kelgach, ko‘mib yuborildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, 2023 yilning o‘tgan davrida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 229 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 76,2 milliard so‘mlik salkam 4,9 mln. quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 mln. qutini tashkil qilgan.
Samarqand viloyatida esa joriy yilda bojxona xodimlari tomonidan aniqlangan 16 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 2,1 milliard so‘mlik 148 ming 819 tamaki mahsulotlari ushlab qolingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-son qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.