123 yoshli momo ovoz berdi
Urgut tumani G‘oyibota mahallasida yashovchi, “Shuhrat” medali sohibasi Ulug‘ ona Olimova 123 yoshda. Onaxon mahalladagi 985-referendum uchastkasida ovoz beruvchilari ro‘yxatiga kiritilgan.
Ulug‘ ona uchastkaga bora olmasligi sababli, uning iltimosiga ko‘ra komissiya a’zolari ovoz berishini shu xonadonda tashkil etishdi.
Hayotning ko‘p qiyinchilik va tashvishlarini ko‘rgan onaxon bugungi kunlarga shukrona aytib, farzand va nevara-chevaralari ardog‘ida hayot kechirmoqda.
Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda tumanda Ulug‘ ona singari 100 yoshdan oshgan 6 nafar piru badavlat nuroniy istiqomat qiladi. Bugun ularning barchasi o‘z xonadonida turib, umumxalq referendumida ovoz berdi.