13,5 million so‘mga teng bo‘lgan pirotexnika vositalari musodara qilindi

Pirotexnika bugungi kun madaniyatiga kirib ulgurdi. Aksariyat bayramlarni, ayniqsa, Yangi yil bayramini “nurli shou”, bengal shamlar va boshqa ko‘ngilochar, ammo anchagina xavfli atributlarsiz tasavvur qilish qiyin bo‘lib qoldi.

Yurtimizda pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, jamoat joylarida, bozorlar, savdo markazlari atrofida insofsiz savdogarlar fuqarolarga sertifikatlanmagan mushaklar, petardalarni xarid qilishni taklif etmoqda. Bu kabi vositalar insonlarga tan jarohatlari yetkazishi yoki yong‘inga sabab bo‘lishi mumkinligidan barcha savdogarlarning xabari bor.

Toshkent shahar IIBB xodimlari pirotexnikani poytaxtga olib kirmoqchi bo‘lganlarga va sertifikatlanmagan pirotexnika savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga qarshi muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosini aniqlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar davomida Bektemir tumani IIO FMB xodimlari 13 ta qonunbuzarlik faktlarini qayd etishdi. Shulardan 4 tasi – dekabr oyining boshidan aniqlangan. Umumiy qiymati 13 500 000 so‘mga teng bo‘lgan pirotexnika vositalari musodara qilindi. Qo‘lga tushgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzildi.

Sertifikatlanmagan pirotexnika mahsulotlarini aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.