143 nafar bemor sog‘ayib ketgan. bu kammi yoki…

Sil kasalligi rivojlanishi bemorning yoshiga, inson tanasining kasallikka qarshi kuchiga, asab tizimining holatiga, ovqatlanish, mehnat qilish va yashash sharoitiga ham bog‘liq. Agarda bemorda ushbu sharoitlar mukammal bo‘lmasa, sil mikrobakteriyalari yuqqanda kasallik rivojlanishiga olib keladi. Uyqu va ishtaha yomonlashadi, ishga layoqatsizlik seziladi. Bolalar esa injiq bo‘lib, ularda ozish kuzatiladi, limfa bezlari kattalashadi, tez-tez kalta yo‘tal bo‘ladi. Agar kishilarda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan belgilar paydo bo‘lsa, albatta, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim. O‘pka va yuqori nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari bor insonlar va uzoq vaqt gripp bilan og‘rigan bemorlar qandli diabet, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi hamda asab kasalliklariga chalingan kishilar har yili bir marta rentgenologik ko‘rikdan o‘tishlari kerak. 
Hozirgi kunda mamlakatimizda silga qarshi kurashishning yangi bosqichlariga o‘tilgan, zamonaviy tekshiruv va davolash usullari mavjud. Jumladan, biz faoliyat ko‘rsatayotgan viloyat silga qarshi kurashish dispanserida va tumanlarda bolalarda silni erta aniqlash uchun zamonaviy tekshiruv – diasken test sinamasidan foydalanilmoqda.
Dispanserda 2017 yil mobaynida 259 bemor yotib davolangan, ularning 143 nafari sog‘ayganligi tufayli dispanser nazoratidan chiqarilib, umumiy amaliyot shifokorlari nazoratiga o‘tkazildi. Shundan ko‘rinib turibdiki, sil xavfli kasallik bo‘lsa-da, uning oldini olish mumkin. Buning uchun kasallikka qarshi o‘z vaqtida emlatish, silning dastlabki alomatlari paydo bo‘lgan davrda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Davolash o‘z vaqtida, to‘liq o‘tkazilsa, bemor butunlay sog‘ayib  ketadi.

G.HAKIMOVA,
T.XO‘JAMBERDIYeVA,
viloyat silga qarshi kurashish dispanseri shifokorlari.