15 oktyabr mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashning oxirgi kuni, ammo bu aynan bugun to‘lash kerak degani emas

Ba’zi fuqarolar turli ijtimoiy tarmoqlar orqali shahar va tumanlar davlat soliq inspeksiyalarida yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashga kelganlarning uzundan-uzun navbati yuzaga kelayotganini tasvirga olib tarqatmoqda. Inspeksiyalarda imkon qadar ko‘proq kassalar tashkil qilingan, inspeksiya xodimlarining ham ko‘pchiligi aynan mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashga kelgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga jalb qilingan.

Joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, jismoniy shaxslar yer va mol-mulk soliqlarini 15 aprel va 15 oktyabrga qadar teng ulushlarda to‘lashlari belgilangan edi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin davrida yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish maqsadida ushbu muddat 15 oktyabrgacha uzaytirildi.

Ta’kidlash joizki, imkon qadar soliqlar oxirgi muddatga taqab emas, balki barvaqtroq to‘lansa, bu kabi tirbandliklar yuzaga kelmaydi. Bundan tashqari, bugun soliq to‘lovchilar uchun bir qator qulayliklar yaratilgan. Davlat soliq inspeksiyasiga kelmasdan ham fuqarolik majburiyatini bajarish imkoniyati mavjud. Xususan, yurtdoshlarimiz soliqlarni masofadan turib, ya’ni Soliq mobil ilovasi , Click, Payme mobil internet-banking tizimi orqali onlayn tarzda to‘lashlari mumkin. Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarga malakali mutaxassislar tomonidan zarur maslahatlar berilishini ta’minlash maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasining telegramdagi SoliqMaslahatchilari guruhi tashkil qilingan. Ushbu guruhga a’zo bo‘lib, sohaga doir barcha savollarga javob olish, jumladan, yer va mol-mulk soliqlarini hisoblatish imkoniyati mavjud.

Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.