16-qavatdagi yong‘inni bartaraf etish mumkinmi?

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-turda shu kabi savollarga batafsil javob olindi.

Press-turning dastlabki manzili Samarqand shahridagi 6-sonli yong‘in-qutqaruv bo‘limi bo‘ldi. Bu yerda sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish bo‘yicha jangovar harakatlar paytida operativ va taktik vazifalar uchun mo‘ljallangan uskunalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari U.Ahrorov O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifasi haqida gapirar ekan, avvalo, favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni himoya qilish, yong‘in xavfsizligi, shuningdek, suv havzalarida odamlar xavfsizligini ta’minlash muhim ekanligini aytdi.

Tadbir chog‘ida jurnalistlar bo‘limdagi yong‘in qutilari Qorasuv massividagi 16 qavatli binolarga yetish-yetmasligi haqida so‘radi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, eng zamonaviy texnologiyali zinapoyalarning maksimal balandligi 53 metr - bu 15 qavatli binoga yetadi degani, o‘ta og‘ir sharoitlarda yong‘inni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilarning maxsus tayyorgarligi talab qilinar ekan.

- Biz bu masala bo‘yicha boshqaruv organlariga murojaat qildik, - deydi U.Axrorov. - Eshkak  eshish kanalidan unchalik uzoq bo‘lmagan 1,6 gektar maydonda mutaxassislarni tayyorlash uchun alohida maxsus otryad tashkil etilishi rejalashtirildi.

Bugungi kunda yong‘in bo‘limlarida kuniga 261 nafar xodim navbatchilikda ishlaydi, 62 ta yong‘inga qarshi uskunalar va yana o‘nta maxsus texnika shay holatda turadi.

Yil boshidan beri favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilariga yuzdan ortiq qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan.

- Bizni eng ko‘p qiynaydigan holatlar tog‘li hududlarda hamda yomg‘irli kunlardagi Samarqand shahridagi toshqinlardir, - deydi U.Ahrorov. - Favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini kamaytirish uchun qutqaruvchilar tabiiy ofatlarga moyil bo‘lgan hududlarda yashovchilarga yordam beradi. Portlashlardan keyin qulab tushgan inshootlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi, toshqinlar, yong‘inlar, aviahalokatlar paytida, suv havzalarida, tog‘li va o‘rmon zonalarida yo‘qolganlarni qidirishda aholiga yaqindan ko‘mak beradi.

Shuningdek, jurnalistlar viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hayot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘quv markazida ham bo‘ldi. Bu yerda fuqarolar va vazirliklar, idoralar, tashkilotlar mas’ullari uchun favqulodda vaziyatlarda harakatlarga tayyorlash, birinchi yordam ko‘rsatish, odamlar va hayvonlar orasida quturishning oldini olish va boshqalar bo‘yicha bepul kurslar tashkil etilgan.

Zamira Boltayeva.