Samarqandda koronavirusga qarshi emlash qachondan boshlanadi?
Hademay respublikamiz, xususan, viloyatimiz aholisini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi. Shu maqsadda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi bo‘yicha O‘zbekiston uchun 2,6 million doza vaksina ajratishga qaror qilingan.
Hozirgacha yurtimizda Buyuk Britaniya brendi ostida Hindistonda ishlab chiqarilgan AstraZeneca, Rossiyaning Sputnik-V hamda Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical vaksinalaridan foydalanishga ruxsat berilgan. Shuningdek, yana 12 davlatda ishlab chiqarilgan yangi vaksinalardan keltirish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda. Hozirgacha 660 ming dona AstraZeneca vaksinasi keltirilgan bo‘lib, shundan 69 ming dozasi viloyatimiz aholisi uchun ajratildi.
- Ushbu yuqumli kasallikka qarshi emlashni tashkil etish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmasi immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Shoira Xalilova. – Boshqarmamizda emlash ishlarini muvofiqlashtirib turuvchi shtab faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyat bo‘yicha 503 ta davolash-profilaktika muassasalarida emlash punktlari tashkil etilgan bo‘lib, ularda malakali shifokor-vaksinatorlardan iborat 352 brigada ish boshlaydi. Shuningdek, alohida joylarga chiqib emlashni olib boruvchi 186 ta brigada shakllantirilgan.
Emlash ishlarini olib borish uchun maxsus seminarlar tashkil etilib, 1077 nafar vaksinator va ularning yordamchilari, 456 nafar umumiy oilaviy shifokor va immunologlar, 477 nafar boshqa mutaxassislar qayta tayyorlandi.
Respublika Kornovirusga qarshi kurashish maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, emlash bosqichma-bosqich olib boriladi. Dastlab 65 yoshdan yuqori bo‘lgan keksalar, so‘ngra tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalingan bemorlar, o‘qituvchi va MMT xodimlari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, shundan so‘ng aholining boshqa qatlamlari kasallikka qarshi emlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda viloyatimizda 65 yoshdan yuqori bo‘lgan 168 mingdan ziyod keksalar, 267 mingga yaqin surunkali kasallikka chalingan kishilar istiqomat qiladi. Tibbiyot muassasalarida esa 28 mingdan ziyod sog‘liqni saqlash xodimlari mehnat qiladi. Ularni emlash bepul bo‘lib, patronaj hamshiralari ularga emlash joyi va vaqti haqida xabarni yetkazadi.
Yana bir gap. Emlash ixtiyoriy bo‘lib, xohlamaganlar undan bosh tortishi mumkin. Imtiyozli qatlamga kirmaganlar, jumladan, navbatsiz olishni istovchi fuqarolar, mehnat migrantlari, xorijga o‘qishga yoki ishga ketishni istovchilar esa pul to‘lovi evaziga maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy tibbiyot klinikalariga murojaat qilib emlanishi mumkin.
Dilmurod To‘xtayev.
Zamira Boltayeva olgan surat.