17 oyda 435 nafar mansabdor korrupsiya jinoyati sodir etgan
Viloyat statistika boshqarmasida tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat adliya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi mas’ul xodimlari, boshqarma va uning hududiy bo‘limlari vakillari ishtirok etgan tadbirda bildirilishicha, statistika tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan xodim bilan mehnat shartnomasi qonunchilikka asosan bekor qilinishi haqida ogohlantirilgan.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2022 yil va joriy yilning o‘tgan besh oyida viloyatda 435 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatga qo‘l urgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan hokimlik (19 nafar), majburiy ijro byurosi (10 nafar), ichki ishlar (13 nafar), advokatura (10 nafar), soliq (14 nafar), bank (51 nafar), sog‘liqni saqlash (36 nafar), xalq va maktabgacha ta’lim (67 nafar) xodimlari bor. Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim (4 nafar), qurilish (5 nafar), energetika (43 nafar), kadastr tizimi (11 nafar), davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar (14 nafar) va boshqa sohalarda (138 nafar) xodim korrupsiyaviy holat aniqlangan.
Seminarda viloyat adliya boshqarmasi xodimi Orif Muhammadiyev Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berdi.