190 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ixtiyoriga qaytarildi

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Samarkand touristic centre” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash bo‘yicha 39 milliard 915 million 80 ming so‘mga ariza bilan murojaat qilgan edi. Korxonaning arizasi ijobiy qanoatlantirilib, mazkur summa qaytarib berildi. Bu esa mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Darhaqiqat, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnining qoplanishi tadbirkorlik sub’yektlari uchun manzur bo‘lmoqda. Korxonalar ixtiyorida qoladigan mablag‘ mahsulot ishlab chiqarish yoxud xizmat ko‘rsatish sur’ati va sifatini oshirish, pirovardida iqtisodiy samaradorlikka erishishga yordam beradi.

– QQS summasi o‘rnini qoplash jarayoni tartibi xususida tadbirkorlik sub’yektlari savollar bilan murojaat qilmoqda, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi bo‘limi boshlig‘i Ravshan Imomov. – Ushbu masala yuzasidan boshqarmaning malakali mutaxassislari xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar vakillariga atroflicha tushuntirishlar bermoqda. Qayd etish joizki, ortiqcha to‘langan soliq summasi, hisobga olingan summaning aylanmaga hisoblangan summadan oshgan qismi, 0 foizli stavka qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan summa qaytariladi. QQS summasi o‘rnini qoplash umumiy va tezlashtirilgan tartiblarda amalga oshiriladi. Bugungi kungacha QQS summasi o‘rnini qoplash bo‘yicha 346 milliard 791 million 880 ming so‘mga 487 ta ariza kelib tushgan. Arizalardan 79 tasi tezlashtirilgan, 408 tasi esa umumiy tartibga taalluqli. 128 ta ariza ijobiy hal qilinib, 190 milliard 132 million 310 ming so‘m xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ixtiyoriga qaytarildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.