2022 yilda QQS to‘lovchilar uchun qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan seminarda tadbirkorlar uchun zarur bo‘lgan shu savolga javob berildi.

Tadbirkorlar va hisobchilar ishtirok etgan tadbirda qaror bilan sohaga joriy etilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus ro‘yxatdan o‘tish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda ariza bilan murojaat etishi shart. Qo‘shilgan qiymat solig‘i faqatgina belgilangan tartibda soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tgan va faol guvohnomaga ega bo‘lgan yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar asosida haqiqatda olingan tovar (xizmat)lar bo‘yicha hisobga olinishi mumkin. Soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tmagan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘ini uni hisobga olish huquqisiz to‘laydi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarni soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishda QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida arizalar yetti kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Soliq organlari tomonidan arizani ko‘rib chiqish natijalari belgilangan muddatda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchiga taqdim etilmaganda, unga maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma avtomatik ravishda berilishi nazarda tutiladi.

– 2022 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar va ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun bir qator majburiyatlar belgilandi, – dedi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farrux Ahmedjanov. – Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operasiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish lozim. Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yaroqsizligi, jismonan va ma’nan eskirganligi natijasida yo‘q qilinganda va kamomad, yo‘qotish yoki shikastlanish (sinish, bo‘linish) sababli hisobdan chiqarilganda uch ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish zarur.

Yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Ushbu jarayonda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarining elektron tizimlarida hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshirilishini ta’kidlash joiz.

Davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan ko‘chmas mulk ob’yektlarida saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlari sanoqdan (inventarizasiyadan) o‘tkazilmaydi va soliq solish maqsadlarida soliq to‘lovchining omborida mavjud emas deb baholanadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 10941 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash bo‘yicha 2525 ta sub’yektdan murojaatlar kelib tushgan.