367 korxonaga 345 milliard so‘m QQS qaytarildi

Joriy yil 20 avgustda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ularga soliq sohasida qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berilishi aytilgandi. Uchrashuvdan keyin qabul qilingan bir nechta huquqiy hujjatlarda bu o‘z aksini topdi. Bu haqda muxbirimiz viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Aloviddin Inog‘omovning fikrlari bilan qiziqdi.

– Ochiq muloqotda Prezidentimizning ma’ruzasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, soliq imtiyozlarini berish, tadbirkorlarga qulay sharoit yaratib, ularni qo‘llab-quvvatlash, «Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi» tizimi orqali ma’muriy va soliq yukini kamaytirish maqsadida 3 ta qaror va 2 ta farmon qabul qilindi. Bundan tashqari, Soliq kodeksining tegishli moddalariga ham o‘zgartishlar kiritildi.

Jumladan, Prezidentimizning shu yil 24 avgustdagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 1 oktyabrdan eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi rezidentning hisobiga tushum tushishidan qat’i nazar, hicobga olinadi. Bu imkoniyat “intizomli” soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.

2022 yil 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilindi. To‘lovchi tegishli soliq davri uchun hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘i salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirish huquqi berildi.

- Qarorgacha bu tartib qanday edi?

- Amaldagi tartibga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘idan mavjud bo‘lgan ortiqcha to‘lovni qaytarish 7 kundan 40 kungacha ko‘rib chiqilib, ulardan ko‘p hujjatlar talab qilinardi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha ovoragarchilik keltirib chiqarardi. Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020 yilda 580 ta korxonadan 392,4 milliard so‘mlik (shundan 107 tasi eksportyordan 60,6 milliard so‘mlik) arizalar qabul qilingan. 129 ta ariza asosida 204,8 milliard so‘m, shundan eksport operatsiyalarini amalga oshirgan 24 ta korxonaning hisobraqamiga 10,5 milliard so‘m mablag‘ qaytarib berilgan.

- Qancha tadbirkor QQSni qaytarib oldi?

- Joriy yilning o‘tgan davrida jami 2001 ta korxonadan 727,2 milliard so‘mlik (shundan 300 ta eksportyordan 149 milliard so‘mlik) arizalar qabul qilingan. 367 ta ariza asosida 345,5 milliard so‘m, shundan eksport operatsiyalarini amalga oshirgan 228  tasining hisobraqamiga 85,6 milliard so‘m mablag‘ qaytarib berildi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 135 ta korxona bojxona organlariga to‘langan 127 milliard so‘mlik QQSni byudjetdan qaytarib olgan.

- Pandemiya davrida umumiy ovqatlanish va turizm faoliyatidagi sub’yektlar qiyinchilikka uchradi. Ularga nima yengillik beriladi?

–   Prezidentimizning joriy yil 25 avgustda qabul qilingan “Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 1 sentyabrdan yil yakunigacha umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilindi. Bundan tashqari, 2023 yil 1 sentyabrga qadar turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatildi. Viloyat bo‘yicha pandemiya davrida qiyinchilikka uchrayotgan 392 ta umumiy ovqatlanish korxonasi yil oxiriga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlaridan imtiyoz berilishi hisobiga 1,7 milliard so‘m to‘lashdan ozod qilindi. Shuningdek, ularning hozirgi kundagi mavjud 0,3 milliard so‘m qarzi bo‘yicha to‘lov muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytirildi.

Shu bilan birga, 246 ta turizm kompaniyasi va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilish natijasida 2,9 milliard so‘m mablag‘ ularning ixtiyorida qoladi.

- Eksportyor korxonalar qanday rag‘batlantiriladi?

- 2021 yil 7 sentyabrdagi “Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonda keyingi bir yilda 1 million AQSh dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotini eksport qilgan korxonalarga qator bojxona yengilliklari berildi. Ushbu farmon kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2021 yil 31 dekabrga qadar to‘xtatildi.

- Soliq tekshiruvlari borasida nima o‘zgarishlar bo‘ladi?

- 2021 yil 7 sentyabrdagi “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub’yektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan 2022 yil 1 yanvardan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.

Birgina soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaganligi uchun moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish natijasida yil yakuniga qadar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ixtiyorida 473,6 million so‘m qoladi.

– Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga ham yengilliklar beriladimi?

– Prezidentimizning  2021 yil 14 sentyabrdagi “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida aynan shu masala e’tiborga olingan. Mazkur qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan  boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor bo‘lgan. Ushbu soliq imtiyozlarining foydalanilmay qolgan qismi  2020 yil 1 oktyabrga qadar maxsus iqtisodiy zona tadbirkorlarning reyestriga kiritilgan ishtirokchilar uchun, ular kiritgan investitsiya hajmidan kelib chiqib, 3 yildan 10 yilgacha muddatda to‘liq qo‘llaniladi.

Misol uchun, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi bo‘lgan 88  tadbirkorlik sub’yektidan undirilgan 3 816,6 million so‘m soliqning qaytarilishi kutilmoqda.

- Soliq kodeksiga ham birmuncha o‘zgartirishlar kiritildi. Ular qanday o‘zgarishlar?

– 2021 yil 14 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Endi 2022 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda 2020 yil 31 dekabrdagi holatga ko‘ra, soliq qarzi majburiy undirilmaydi. Shuningdek, turizm, transport va umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va ulardan olinadigan yer solig‘i, 2020 yilda hisoblangan va vaqtincha qiyinchilik munosabati bilan to‘lanmagan solig‘iga penya hisoblanmaydi. 2020 yil 15 may holatiga ko‘ra qarzdorligi mavjud bo‘lgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha ham penya hisoblanmaydi. 2021 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari, ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi. Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

- Soliq kodeksidagi o‘zgarishlarda avtomobil importida ham imtiyozlar qo‘llaniladimi?

- Faqat elektr dvigatelli avtomototransportlarni sotib oluvchi va (yoki) ularni respublika hududiga vaqtincha olib kiruvchi shaxslar avtotransportni sotib olish va (yoki) respublikaga vaqtincha olib kirish uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi. Endi yuridik shaxs, agar uning oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida 5 milliard so‘m (ilgari 10 milliard so‘m)ni tashkil etgan bo‘lsa, soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan soliq organiga murojaat qilishga haqli. Bundan tashqari, organlar, muassasalar va tashkilotlarning soliq organlariga bunday ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatlariga taalluqli o‘zgartirishlar  ham kiritildi.

Shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar, suv resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar suvdan foydalanish yoki suvni iste’mol qilish joyi bo‘yicha, notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan organlar  axborotni soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi shart.

Konlar va karerlar band etgan yerlar uchun soliq tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent, lalmi-yaylov zonada joylashgan yerlar uchun esa 0,05 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda to‘lanadi. Lalmi-yaylov zonada joylashgan yerlar uchun soliq tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,3 koeffitsiyent qo‘llanilgan hodda to‘lanadi. Bundan Soliq kodeksining 429-moddasi 14-qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

O‘ktam Xudoyberdiyev suhbatlashdi.