Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1907 yilgi yer silkinishi Samarqand obidalariga qanday ta’sir ko‘rsatgan?

1907 yil 8 oktyabrda yuz bergan yer silkinishi Samarqand obidalari uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. Shu kuni ikki marta yarim soat farq bilan tebranishli, silliq, lekin anchayin kuchli (Rossi-Forel shkalasi bo‘yicha 8 ballgacha) 2 marta zilzila bo‘lib, Samarqanddagi qadimiy yodgorliklarga salmoqli shikast yetkazdi. Bu haqda Samarqand viloyati harbiy gubernatori o‘zining 1907 yildagi 19794-sonli xatida Rossiya imperatori arxeologiya komissiyasiga ma’lum qiladi.

Samarqand viloyati harbiy gubernatorining 1907 yil 11 oktyabrdagi №616-sonli qaroriga muvofiq yer silkinishining yodgorliklarga yetkazgan zararini aniqlash bo‘yicha komissiya tuzilib, yodgorliklar ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruvlar natijasida quyidagilar aniqlanadi:

- Registon ansamblidagi Ulug‘bek madrasasi bosh frontonida ikkita katta yoriq hosil bo‘lgan. Minoralar o‘zining engashgan holatini yo‘qotmagan.

- Sherdor madrasasi 1872 yilda ta’mirlangan janubiy gumbazda buzilish yuz berganidan yoriq hosil bo‘lgan va ichki gumbaz ravog‘iga tushgan. Buning oqibatida bir necha yoriqlar hosil bo‘lgan, ichki ravoqning o‘zi butun qolgan. Ichki ravoq gumbazida yuqori qismida g‘isht va suvoqlar to‘kilgan. Bosh frontonning orqa qismida 8 ta gumbazsimon qoplamalardan 2 ta chetdagisi (har tomondan bittadan) qulagan, ularga tutashganlari ko‘plab yoriqlar hosil qilgan. Eshik tomondagi janubiy ravoq chortog‘ida va masjid devorlarida katta yoriqlar paydo bo‘lgan.

- Tillakori madrasasida burchak minoralari yuqori qismida ba’zi joylarining koshin qoplamalari tushib ketgan, shuningdek, ularning yuqori qismi vayron bo‘lgan. Gumbaz barabanining asosi va sharqiy ravoqning ichki tomoni janubiy ustuni bilan ba’zi joylarda qoplamalar tushib ketgan. Barcha eski yoriqlar bir qadar kengaygan va uzaygan.

O‘sha vaqtda vayrona holidagi Amir Temur (Bibixonim) jome’ masjidining ichki qismi gumbazining janubiy qismi barabanigacha va barabanning bir qismi, g‘ishtlar va koshinlardan iborat uyum hosil qilgan. Gumbazning shimoliy tomoni esa katta va keng ikkita yoriq hosil qilgan. Bunda g‘isht taxlamasining ponasimon katta bir bo‘lagi polga tushgan. Masjid devori shimoliy va janubiy tomoni bilan, baraban asosidan pastgacha, ba’zi joylari ko‘chgan va koshinlar to‘kilgan. Bundan tashqari, janubiy oltiqirrali ustunning yuqori qismi va oltiqirrali ustun va ravoq orasidagi ustun shaklidagi burchak bo‘rtigi qisman vayron bo‘lgan.

Shuningdek, zilzila oqibatida Shohi Zinda ansamblidagi Shirinbeka oqo maqbarasining tashqi gumbazi zarar ko‘rgan, Turkon og‘a maqbarasining yo‘lak tomondagi baraban osti burchagi sezilarli siljigan va fasadning shimoli-sharqiy burchagi ust qismi og‘gan bo‘lsa, Qusam ibn Abbos maqbarasi yonidagi katta masjidda shift va devorlarida yer silkinishi oqibatida bir necha chuqur yoriqlar hosil bo‘lgan.

Bibixonim maqbarasi, Ruhobod masjidi, Xo‘ja Abdu Darun xonaqosi, Nodir Devonbegi madrasasi fasadi va boshqa barcha yodgorliklar eski yoriqlarning kengayishi, ba’zi joylarida suvoqlarining ko‘chib tushishi ko‘rinishida zarar ko‘rgan.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, qadimiy yodgorliklardagi yer silkinishidan keyin paydo bo‘lgan zararlanishlar ko‘zdan kechirilib, ularda keyingi yemirilishlarning oldini olish uchun ba’zi choralarni ko‘rishga qaror qilingan.

Jumladan, Ulug‘bek madrasasida paydo bo‘lgan ikkita yangi yoriqni mayda eskilari bilan birga bartaraf etish, Sherdor madrasasi gumbazidagi yamoqda yangidan hosil bo‘lgan buzilishni tiklash, shu bilan birga bu va boshqa gumbazlardagi barcha yoriqlarni yamash, ichki gumbazlarni qulagan g‘ishtlardan tozalash, yamash va gumbazlarni pasti va tepasidagi yoriqlarni suvash, Tillakori madrasasi burchak minoralarining vayron bo‘lgan yuqori qismini tiklash, ko‘chgan suvoq va qoplamalarni olib tashlab ushbu joylarni yangidan suvash, Amir Temur (Bibixonim) jome’ masjididan g‘isht va qoplamalardan iborat barcha chiqindilarni olib tashlash, ko‘chgan qoplamalarni ko‘rib chiqish, Shohi Zinda ansamblidagi Shirinbeka oqo maqbarasi gumbazida paydo bo‘lgan ikkita yoriq orasidagi zararlangan joylarni yangidan yamash, ichki gumbazni qulagan g‘isht va chiqindilardan tozalash, Amir Temur, Bibixonim va Ruhobod maqbaralari va boshqa masjidlarda ham ta’mirlash ishlarini olib borish belgilangan.

Ushbu jarayonga oid keyingi hujjatlardan ma’lum bo‘ladiki, yer silkinishi oqibatida zarar ko‘rgan Samarqand obidalarining ayrimlarigina ta’mirlanadi. Samarqand viloyati harbiy gubernatorining buyrug‘i bilan qadimiy yodgorliklar kuzatuvchisi V.Vyatkin raisligida, viloyat arxitektori Lebedev, shahar arxitektori Nelle, Samarqand shahridan ikkita qozi, ikkita deputat, tegishli ravishda obidalar mutavallisi va madrasa mudarrisi ishtirokida komissiya tashkil etiladi.

Samarqand viloyati harbiy gubernatori o‘z ixtiyoridagi bo‘lgan 1079 so‘m mablag‘ini Sherdor, Tillakori va Shohi Zinda ansamblidagi maqbaralarni ta’mirlash uchun ajratildi. Bundan tashqari, ushbu obidalarning mutavallilari vaqf mablag‘laridan 650 rubl ajratishadi. Ushbu mablag‘larga yuqoridagi komissiya nazoratida ta’mirlash ishlariga 1907 yilning oxiradayoq kirishiladi. Bunda albatta, kechiktirib bo‘lmas darajadagi ta’mirlash ishlari bajarilib, qolganlarini keyingi yil bahorda bajarishga kelishiladi.

Ushbu ta’mir ishlaridan keyin zararlangan obidalar boshqa ta’mirlanmadi. Imperator arxeologiya komissiyasining 1911 yil 4 martdagi  №417-sonli harbiy ministrlik bosh shtabi Osiyo qismiga yo‘llagan maktubidan “bundan 3 yil oldin yer silkinishi oqibatida gumbaz va barabanida yoriqlar hosil bo‘lgan Amir Temur maqbarasi”ni saqlab qolish uchun ba’zi tadbirlarni amalga oshirish so‘ralgan. Xususan, maqbara gumbazi barabanining temir halqa yordamida qisish, gumbazdagi yoriqlarni yamash yoki tartibga keltirish va hokazo. Ushbu tadbirlar uchun hech bo‘lmaganda 10 ming rubl so‘raladi.

So‘ralgan mablag‘ ajratilmaganligini komissiyasining imperator saroyi ministrligi kanselyariyasiga yozgan 1912 yil 25 iyuldagi №1621-sonli maktubidan tushunish mumkin. Unda Turkistondagi barcha yodgorliklar uchun juda katta mablag‘ kerak bo‘lishini inobatga olib, hech bo‘lmaganda ularning eng muhimlari - Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli, shahardan tashqaridagi masjidlar, Registon ansambli madrasalari, Turkistondagi Ahmad Yassaviy masjidi, Marvdagi XII asrga tegishli Sulton Sanjar maqbaralarini ta’mirlash uchun har yili 10 ming rubl ajratilishi so‘ralgan. Zaruriy mablag‘ ajratilmagach, 1912 yilda imperator arxeologiya komissiyasi tomonidan Rossiya imperiyasidagi qadimiy yodgorliklarni qo‘riqlash haqidagi qonun loyihasi III davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Unga ko‘ra, qadimiy yodgorliklarni qo‘riqlash qo‘mitasi tuzilishi ko‘zda tutiladi. Biroz vaqtdan so‘ng I jahon urushining boshlanishi bilan yuzaga kelgan Rossiyadagi iqtisodiy tanglik, 1917 yildagi davlat to‘ntarishlarining yuz berishi bilan me’moriy yodgorliklarning ta’miri masalasi hal etilmay qolib ketdi.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.