Tokio metrosida Samarqand va Buxorodagi tarixiy binolar tasviri aks ettirilgan reklama bannerlari o‘rnatildi

Tokio metropoliteni - yo‘lovchi tashish va bekatlar soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik metropolitenlardan biri hisoblanadi. Uning 50 ta liniyasi va 285 ta bekati bor. Tokio metropoliteni ertalab soat 05:00 dan tungi 01.00 gacha ishlaydi.

Metropolitenning yo‘lovchi o‘tkazish salohiyati yuqoriligi uchun bu yerda reklama joylashtirish juda yaxshi effekt beradi va bu yerda dunyoning ko‘plab kompaniyalari o‘z reklamasini joylashtirishga harakat qiladi.

Ana shu tufayli O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda 25 apreldan Tokio metropolitenining 3 bekatida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini reklama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi va bekatlarda yaponiyaliklarni O‘zbekistonga sayohat qilishga chaqiradigan plakatlar o‘rnatildi va ekranlarda ko‘rsatilmoqda.

Reklama bannerlari uch xil, 122X176 sm qilib, Samarqand va Buxorodagi tarixiy binolar tasviri aks ettirilib tayyorlangan va metroning eng odam ko‘p harakatlanadigan «Shinjuku», «Otemachi» va «Ikebukuro» bekatlariga o‘rnatildi.

Ushbu metro bekatlaridan «Shinjuku»da bir kunda 3,5 mln. kishi, «Otemachi» bekatida. 3,2 mln. kishi va «Ikebukuro» bekatida 2,7 mln. kishi harakatlanadi. Bu bekatlarda ilingan reklama plakatlaridagi "Buyuk ipak yo‘li yuragi bo‘lmish O‘zbekistonga xush kelibsiz" degan yozuvning o‘ziyoq ko‘pchilik yo‘lovchilarning e’tiborini tortmoqda.

Yaponiyada O‘zbekiston sayyohlik salohiyati ancha yillardan beri turli vositalar bilan targ‘ib qilinadi. Shu tufayli ham kunchiqar yurtdan yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan yil sezilarli ko‘paymoqda. Agar 2017 yilda mamlakatimizga Yaponiyadan 11 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2018 yilda kunchiqar yurtdan 17 ming sayyoh tashrif buyurdi. Bu yil esa bu raqam yanada ortishi kutilmoqda.

Bunga Tokio metropolitenida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining reklama qilinishi samarali hissa qo‘shadi.