Shaharda besh-o‘nta obidaga e’tibor qaratib, qolgan binolarni buzib tashlab, o‘rnida “zamonaviy” imoratlar qurish yaramaydi
Obidalar qanchalik qadimiy, jozibali bo‘lmasin, agar ularning atrofidagi binolar buzib tashlansa, ular katta maydonda yakka-yolg‘iz holda qolib, tarixiy muhitdan ayriladi va ularning xorijlik sayyoh uchun deyarli hech qanday ahamiyati va qizig‘i qolmaydi. Nafaqat obidalar, balki qadimiy shaharlardagi aholi yashash tarzini, an’analarni saqlab qolish kerak. Chunki ular nomoddiy madaniy meros hisoblanadi.
Bular Samarqand arxitektura va qurilish instituti professori Kamol Rahimov fikrlari edi. Olim muntazam ravishda o‘z chiqishlarida arxitektura va shaharsozlikning ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan shaharlar uchun dolzarb bo‘lgan muammolarini tilga oladi va ularni yechish yo‘llari haqida mulohazalar bildiradi. Ushbu mavzu atrofida batafsil suhbatlashish ilinjida institutga borgan edim, tantanali vaziyat ustidan chiqib qoldim. Anchadan beri professorlik lavozimida ishlayotgan Kamol Rahimov yaqinda rasman ana shu unvon sohibi bo‘libdi va shu munosabat bilan institut ilmiy kengashida tegishli diplomni topshirish marosimi bo‘layotgan ekan.
Darhaqiqat, majlislar xonasiga kirib, institut rektori Sulton Ahmedov K.Rahimovga professorlik attestatini topshirayotganligining guvohi bo‘ldim. Tantanali marosimdan so‘ng olimni suhbatga tortdim.
Suhbatdoshim mamlakatimizdagi qadimiy shaharlarning o‘ziga xosligini, husnu tarovatini saqlab qolish nafaqat turistlar uchun, balki birinchi navbatda o‘zimizga, kelajak avlodga zarurligini ta’kidlab shunday dedi: “Biz taraqqiyotdan, shaharsozlikda kechayotgan zamonaviy yondashuvlardan chetda turolmaymiz. Sohadagi yangilanishlarni to‘lasincha yangi hududlarda tatbiq qila olamiz. Ammo tarixiy shaharlarimizga kelganda, puxta o‘ylab, mavjud muhitga zarar yetkazmasdan ish tutishimiz kerak bo‘ladi”.
Olim Samarqand misolida o‘z fikrini kengroq izohlab berdi. Bu ko‘hna shaharda uchta shaharsozlik madaniyati ko‘zga tashlanadi. Bular – qadimiy, o‘rta asr va yevropacha. Aynan shu sababli Samarqand madaniyatlar chorrahasidagi shahar sifatida dunyoga mashhur va YuNESKO ro‘yxatiga ham shu nominatsiya bo‘yicha kirgan. Shunday ekan, shaharni to‘lasincha saqlab qolish zarur. Faqat besh-o‘nta obidaga e’tibor qaratib, qolgan binolar keraksiz, ularni buzib tashlab, o‘rnida “zamonaviy” imoratlar qurish kerak degan qarashlar o‘ta zararli hisoblanadi.
K.Rahimov tarixan shakllangan muhitni mutaxassislar tirik organizmga o‘xshatishlarini uqtirib, yirik tarixiy obidalar qatori mahallalarni, ulardagi turar joylarni saqlab qolish qanchalik muhimligini qayd etdi. “Atrofida bir qavatli an’anaviy binolar bo‘lmagan har qanday ulug‘vor yodgorlik ham g‘arib ko‘rinadi, o‘z tarovatini yo‘qotadi. Uning yakka o‘zini ko‘rgan odam tarixiy ahamiyatini anglab yetolmaydi. Shuningdek, mahallalardagi mavjud madaniyat, an’ana, turmush tarzi yuz yillar davomida shakllangan va ulur ham madaniy meros hisoblanadi. Faqat – nomoddiy xarakterdagi madaniy meros. Uni ham avaylab asrash lozim”, – deydi kuyunchaklik bilan olim.
Shu haqda so‘z yuritar ekan, olim Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallaga, undagi an’nalarni saqlab qolishga katta e’tibor bilan qarayotganligini eslatdi. Masalan, Toshkentda katta hajmdagi qurilish ishlari olib borilishi natijasida shaharning tarixiy hududi o‘z yaxlitligi va asrlar davomida shakllangan me’moriy an’analaridan ayrilishi mumkin edi. Mahallalar buzila boshlanishi tufayli aholi hayot tarzida ham o‘zgarish yuz berishi aniq edi. Ikki yarim ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lgan azim Toshkent ana shunday ayanchli ahvolga tushib qolmasligi uchun davlatimiz rahbari tomonidan aniq chora ko‘rildi. O‘tgan yilning avgust oyida poytaxtda boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish taqiqlab qo‘yildi.
Professor Rahimovdan “Shaharlarimizning tarixiy qismida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari mahalla va undagi an’anaviy turar joylarning xarakteriga ta’sir etmay qolmaydi, ular zamonaviy jarayonlardan chetda turishi mushkul. Shunday emami?” deb so‘raganimda, quyidagicha javob oldim:
“Albatta, qurilish faqat ma’lum muddatga to‘xtatilishi mumkin. To‘xtatishga asos bo‘lgan sabab bartaraf etilgandan so‘ng bunyodkorlik ishlari davom ettiriladi. Shahar tirik organizm ekan, u har qanday tirik organizm kabi rivojlanadi. Masalan, eskirgan, ishdan chiqa boshlagan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangisi bilan almashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu ishni shunday amalga oshirish kerakki, hududning tarixiy muhitiga zarar yetmasin”.
Shunday deb, suhbatdoshim mahalla va an’anaviy turar joylarning landshaft yechimi sifatida tayyorlagan qator maketlarni ko‘rsatdi.
Olim yana bir muammo – avtomobillar ko‘payganligi sababli yo‘llarni kengaytirish ilinjida qadimiy tor ko‘chalarning atrofidagi binolarni yiqitib, odamlarni ko‘chirish tajribasi haqida ham o‘z fikrini bildirdi. U transport vositalari tobora ko‘payib borayotgan bir sharoitda ko‘hna shaharlarda bu jarayonning orqasidan quvish ijobiy natijaga olib kelmasligini, tor ko‘chalarni buzmasdan, aksincha, ularni saqlab qolgan holda transport oqimini to‘g‘ri yo‘naltirish zarurligini uqtirdi. Uning fikricha, har qanday ishga kirishishdan avval aholi manfaati birinchi o‘rinda turmog‘i lozimligini yodda saqlash zarur.
Shunday ekan, biz YuNESKOning talabini buzmaslik va turistlarni jalb qilish uchun shaharlarimiz o‘zining tarixiy muhitini, jozibadorligini yo‘qotmasligi kerak deyishimiz bilan yana bir muhim masalani esdan chiqarmasligimiz zarur.
Shu haqda fikr yuritar ekan, professor Rahimov shunday dedi: “Shahrimiz, eng avvalo, o‘zimizga kerak, u aholiga xizmat qilmog‘i lozim. Shaharsozlik bo‘yicha olib borilayotgan barcha ishlarning bosh mezoni ana shu talabda mujassam bo‘lgandagina, biz uni hech ikkilanmasdan bajargandagina o‘z vazifamizni bajargan hisoblanamiz”.
Toshpo‘lat Rahmatullayev, O‘zA