1977 yilda kosmosga uchirilgan «Voyadjer» zondlari hanuz Yerga ma’lumot yetkazyapti

1977 yilda «Voyadjer» («Sayohatchi») dasturiga ko‘ra, Quyosh sistemasini tadqiq etish uchun kosmosga ikkita zond uchirilgan edi. Hayratlanarlisi shundaki, ushbu juftlik hozirgacha koinotda kezib yuribdi va olimlarga ilmiy ma’lumotlar uzatib turibdi, deb xabar beradi «Mir novostey» (2020 yil, 8-son) haftanomasi.

Ammo hammasi ham silliq ketayotgani yo‘q. Yaqindagina birodarlardan biri «Voyadjer-2» tizimdagi ishkallik sababli ish qobiliyatini yo‘qotdi: ilmiy uskunalar ishlamay qo‘ydi. Yerdagi mutaxassislarga vaziyatni baholash va choralar ko‘rish uchun bir necha kun kerak bo‘ldi. Ular buning uddasidan chiqishdi. Darhol bo‘lmasa-da, apparat jonlandi va yetib bo‘lmas uzoqlikdan yana «xabar» bera boshladi.

Gap shundaki, har ikkala apparat ham allaqachon Quyosh sistemasi chegarasidan chiqib ketgan: «Voyadjer-1» sal uzoqroqda, baxtiqora ikkinchisi esa sal yaqinroqda. Ularning bizdan uzoqligini hatto tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Shuni aytish kifoyaki, birinchi «Voyadjer»dan jo‘natilgan radiosignal Yerga kamida 17 soatda yetib keladi. Taqqoslasak, Marsdan Amerikaning «Kyuriosti» apparati yuborayotgan signal Yerga «atigi» 14 daqiqada yetib keladi.

Qizig‘i shundaki, apparatlarning ishlash muddati avval boshda ko‘pi bilan besh yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ular 43 yildan buyon samo sirlaridan olimlarni xabardor qilib turibdi.