2001 – 2003 YILLAR — SAMARQAND MO‘’JIZASI
Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan miqyosi nihoyatda keng va puxta o‘ylangan islohotlarni kuzatib, bundan 16-17 yil avval Samarqandda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari ko‘z o‘ngimdan o‘tadi.
Bugungi xalqparvar siyosat, yaratuvchanlik ishlari, rahbarlarning xalq bilan ochiq muloqotning ilk ko‘rinishlari viloyatimizda o‘sha paytlarda namoyon bo‘la boshlagani esga tushadi. 2001 yil sentyabr oyida Samarqand viloyatiga oldin Jizzax viloyatini boshqargan Shavkat Mirziyoyev hokim bo‘lib keldi. Samarqand qadimiy tarix va madaniyatga, yurtimiz iqtisodiyoti, madaniy-ma’rifiy hayotida alohida o‘ringa ega maskan. Bu yerning toshu tarozisi ham boshqa joylarga nisbatan og‘irroq.
Ana shunday ulug‘ joyga g‘ayrat-shijoati jo‘shib turgan yosh rahbarning qo‘yilishi, avvalo, unga bildirilgan juda katta ishonch edi. Shavkat Miromonovich esa bu ishonchni qisqa vaqt ichidagi o‘zining shiddatli mehnati, xalqqa mehr-muhabbati, odamlar qalbiga yo‘l topib, ularni o‘z ortidan ergashtira olgani bilan oqladi.
Samarqandga hokim bo‘lgach, u kishi navbati bilan har bir tuman, shaharga borib, u yerdagi shart-sharoitni o‘rgandi. Rahbarlarning hisobotlarini eshitish bilan kifoyalanmay, oddiy odamlar orasiga kirishga, ularning dardu tashvishlarini eshitishga harakat qildi. Viloyat hokimi qaysi tumanga borsa, avvalo, qishloqlarni, olis hududlarni aylanib, aholi turmush tarzi bilan tanishardi, maktab va tibbiyot muassasasini borib ko‘rardi. Bu joylarga borishi avvaldan rejalashtirilmas, mahalliy rahbarlar ogohlantirilmasdi. Yo‘nalishni Shavkat Miromonovichning o‘zlari tanlardi. Tabiiyki rahbar kelishiga hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagan joylarda mavjud holat ro‘y-rost namoyon bo‘lardi.
Shundan keyin tuman faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazilardi. Bu uchrashuvlar ham tuman markazi yoki hokimliklarda emas, muammolari ko‘p olis qishloqlarda, dala shiyponlarida tashkil etilardi (xuddi hozir davlatimiz rahbari viloyatlarga tashrifi davomida eng olis tumanlarni tanlagani kabi). Har bir masala viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari, mutasaddilar ishtirokida joyida muhokama etilib, muammoga o‘sha yerning o‘zida yechim topilardi.
Viloyat hokimi hech bir joyga shunchaki borib kelmasdi. Biror bir hududga borgani, odamlar bilan uchrashganidan so‘ng, albatta, aholi hayotida nimadir o‘zgarish bo‘lar, yo‘lmi, ko‘prikmi, maktab yoki sport inshootimi qurilishi boshlanardi. Bergan kimga yoqmaydi, viloyat rahbari odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, qanday muammongiz bor, deb tursa hamma ham o‘z dardini aytadi-da. Tag‘in o‘sha paytda hokimlar ixtiyorida hozirgidek milliard-milliard pul yo‘q, mahalliy byudjetga beriladigan har bir so‘m hisobli edi. Maktab yoki shifoxona, yo‘l va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari qurish, ta’mirlash uchun yil dasturlariga takliflar berilar, bu ishlar keyingi yillarda amalga oshardi. Ana shunday sharoitda Shavkat Mirziyoyev viloyatning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, mablag‘ topishga harakat qilar, odamlarning, quyi tizim rahbarlarining muammolarini eshitib, ularga va’da berdimi, bu ishlarni albatta bajarardi. Respublikamizda ilk bor Samarqandda qurilgan, so‘ngra mamlakat bo‘ylab ommalashib ketgan yoshlar markazi ham viloyat hokimining o‘z tashabbusi bilan, mamlakat byudjetidan mablag‘ ajratilmagan holda bunyod etilgan edi.
Bugun ham viloyatimizning har bir shahar va qishlog‘iga borsangiz, odamlar “Prezidentimiz Samarqandga hokim bo‘lganlarida qurilgan”, deb ko‘rsatadigan bino va inshootlar juda ko‘p. Yoki u kishining tashabbusi bilan hal etilgan muammo va masalalarni sanab, minnatdorliklarini aytishadi.
Ayniqsa, Urgut tumanining Kamangaron va Vag‘ashti qishloqlari aholisi muhtaram Shavkat Miromonovichning oqilona qarori bilan ikki qo‘shni mahalla o‘rtasidagi azaliy ziddiyatlarga barham berilganini minnatdor bo‘lib eslashadi.
Urgutning tog‘li va dasht hududi bo‘lgan bu qishloqlar uchun suv eng katta muammo hisoblanadi. Bir ariqdan suv ichadigan ikki qishloq odamlari o‘rtasida bu masalada ko‘p janjallar kelib chiqib, bu kelishmovchiliklarga mahalliy rahbarlar, huquq-tartibot idoralari ham yechim topa olmagan edi. Yechim deganimiz, katta ish qilish emas, odamlar orasiga kirib, ular bilan dildan gaplashish, ikki tomonni eshitish ham qo‘llaridan kelmagan. Shavkat Miromonovich bundan xabar topgach, shaxsan o‘zi borib, odamlar bilan gaplashishga qaror qildi. Yaxshi eslayman, hokimning yonidagi kishilar uni bormaslikka undab, masalaning yechimi og‘irligini ham aytgan. Ammo u kishi bu gaplarga e’tibor qilmay, bir-biri bilan yovlashishga tayyor turgan odamlar orasiga bordi.
“Bizning masalamizni Prezident kelib ko‘rsin, bizga suv keltirib bersin”, deb turgan odamlarga qarata “Shu viloyatning hokimi menman, sizning masalangizga ham men mas’ulman, agar muammoga yechim topolmasak, keyin yuqoriga murojaat qilamiz”, deb ularni tinchlantirdi. Ikki qishloq vakillarining arzu dodini eshitib, o‘z fikrlarini bayon etdi. Hudud aholisini suv bilan ta’minlash uchun Kamangaron suv ombori quriladigan bo‘ldi. Shu bilan ikki qishloq ahli o‘rtasidagi azaliy kelishmovchilik barham topdi.
O‘sha paytlarda ham faxriylarni ijtimoiy himoya qiladigan “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘lsa-da, uning faoliyati ko‘p sezilmasdi. Jamg‘arma viloyat bo‘limi qaysidir bir tashkilot binosining ikkitagina xonasida turar, tuman, shahar bo‘limlari ham nomigagina ish olib borardi. Ana shunday paytda Shavkat Miromonovich tashabbusi bilan “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari viloyat bo‘limlari uchun yangi bino qurib berildi. Bu faqat bizga sharoit yaratish uchun emas, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida, har bir jarayonda nuroniylarning, oqsoqollarning o‘z o‘rni bo‘lishi kerakligi uchun amalga oshirilgan ish edi. Chunki, viloyat hokimi ko‘p masalalarda, ayniqsa, oilalarni mustahkamlash, xalqimiz o‘rtasida ma’naviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasida oqsoqollarning fikriga tayanardi, bu borada ular bilan bamaslahat ish tutardi. O‘shanda viloyatimizdagi faol nuroniylar, oqsoqollar, ziyolilardan iborat bir nechta jamoatchilik guruhlari, maslahat kengashlari tuzilishining boisi ham shunda edi. Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini berganiga guvohmiz.
Shuning uchun ham bugun Prezidentimizning mamlakat miqyosida nuroniylarga ko‘rsatayotgan e’tibori, yoshlarga g‘amxo‘rligi, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari va boshqa jamoat tashkilotlarining jamiyatdagi, hayotimizdagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlab, bu ishlar, albatta, o‘z natijasini berishiga ishonamiz. Hozir yurtimiz bo‘ylab keng ommalashayotgan hayotiy besh muhim tashabbus ham ana shu ezgu ishlar mahsuli deb bilamiz.
Hasan NORMURODOV,
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.