2019 va 2020 yilning o‘tgan davrida Samarqandda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jami 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Bugun yurtimizda katta o‘zgarishlar, islohotlar olib borilayotgan, yoshlar jamiyat hayotida tobora faollashib, o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan bir vaqtda afsuski, ayrim irodasi sust yoshlarimiz giyohvandlik balosiga ruju qo‘yayotganliklari barchamizni tashvishga soladi.
Zero, sog‘liqni yo‘qotish, ayniqsa, giyohvandlikka mubtalo bo‘lish inson hayotini tubdan izdan chiqaribgina qolmay, balki insoniyat genofondiga ham ulkan xavf tug‘diradi.
Asr vabosi deb atalayotgan bu illat nafaqat inson jismini xarob qiladi, balki jamiyatga mislsiz darajada zarar yetkazadi. Tinch-totuv yashayotgan oilalarni buzadi, bolalarni yetim qiladi, muhtojlik, qashshoqlik, jinoyatchilik, kasallikda yashashga majbur qiladi.
Shuning uchun giyohvandlikka qarshi kurashish dunyo miqyosidagi global muammolardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ham bu ofatga qarshi kurash izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Bu borada tarkibida narkotik moddalar mavjud o‘simliklarni ekish holatlarini aniqlash, qo‘shni davlatlardan yurtimiz hududiga aylanma yo‘llar orqali giyohvandlik vositalarining kirib kelishiga chek qo‘yish maqsadida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshqa huquqni himoya qiluvchi organlar hamkorligida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilayotgan keng qamrovli tadbirlar davomida o‘tgan 2019-2020 yilning shu kuniga qadar giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jami 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda umumiy miqdori 1691,11 grammni tashkil etgan narkotik vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidagi narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga oid ma’lumotlar tahlili hozirgi kunda respublikamizda yangi turdagi psixofaol vositalarning keng tarqalishi kuzatilmoqda.
Achinarlisi shundaki, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga o‘smir yoshlarning jalb etilishi holatlari davom etmoqda, narkotik vositalar bilan bog‘liq jinoyat ishlari asosan yoshlar va hattoki 14-17 yoshdagi voyaga yetmagan shaxslar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qo‘lga olinib, ularga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan.
Masalan, boshqa manfaatdor idoralar vakillarini jalb qilgan holda, oliy o‘quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida “Giyohvandlik asr vabosi”, “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida tezkor-profilaktik uchrashuvlari o‘tkazilib borilgan. Tadbirlar davomida yoshlarga giyohvandlikning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.
Olib borilayotgan ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, ayniqsa, yoshlarni giyohvandlikning salbiy ta’siridan himoya qilish, xalqimizning sog‘lom turmushini ta’minlashdir. Ushbu ezgu maqsadga har bir Vatandoshimiz o‘z hissasini qo‘shishi, giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashish millatimizning sog‘lom kelajagini ta’minlaydi.
Jasurbek FAYZULLAYeV,
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinborsari.