2019 yilda 80 nafar, bu yil 450 nafar bitiruvchi talaba bo‘ldi

Bu Qo‘shrabot tumani yoshlarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi.

Tumanda o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” qatnashchilari hududda keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush tarzidagi yangilanish va o‘zgarishlar, korxonalar, ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishib, bu ko‘rsatkichdan faxrlanib gapirishdi.

– Juda og‘ir sharoitda bolalarga ta’lim-tarbiya berganmiz, – deydi mehnat faxriysi Sayyora Joniqulova. – Tumanimiz viloyat markazidan olisda bo‘lgani uchun e’tibordan chetda edi. Sinfxonalar yetishmas, zarur o‘quv jihozlari yo‘q. Ayniqsa, tog‘ orasidagi filiallarni maktab deyishga til bormasdi. Shunga qaramay, bolalarni yaxshi o‘qitishga harakat qilardik, ular ham bilim olishga astoydil intilardi. Keyingi besh yilda yurtimizda ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rib, xursand bo‘lyapmiz. Bu ishlar natijasida tumanimizda ham maktablarning 26 ta filiali qayta tiklanibdi, 30 dan ortiq umumta’lim maktabi tubdan yangilanib, sport zallari va stadionlar qurilibdi. Natija ham quvonarli – 2019 yilda qo‘shrabotlik bitiruvchilarning 80 nafari, 2020 yilda 250 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan ekan. Bu yil 450 nafar o‘g‘il-qizlarimiz talaba bo‘libdi va maktab bitiruvchilarining o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyatda ikkinchi o‘rinda ekanmiz. Mana ta’limga e’tibor samarasi. Hozir o‘zim ishlagan maktabga borib, u yerdagi imkoniyatlarni ko‘rib, ko‘nglimda “qaniydi, yosh bo‘lib qolsamu yana bolalarga saboq bersam, zamonaviy maktablarda ishlasam”, degan havas uyg‘ondi.

Uchrashuv qatnashchilari ikki yil oldin “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan Jo‘sh qishlog‘ida bo‘lib, keksalar va yoshlar bilan suhbatlashdilar. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan hududning 48 ta aholi punktida dastur asosida 80 ga yaqin ijtimoiy soha ob’yekti barpo etildi. Yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Aholining uy-joylari ta’mirlandi, o‘ttizga yaqin yangi xonadon bunyod etilib, ehtiyojmand oilalarga berildi. Qishloqda iqtisodiy yo‘nalishida ham rivojlanish bo‘y ko‘rsatmoqda. Yangi ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari tashkil etilmoqda. Davlat tomonidan subsidiya berilib, dasht hududlarda tokzorlar, bog‘lar tashkil etilmoqda.

Jumladan, “Nihol maysazori” fermer xo‘jaligi tomonidan uch yil davomida 145 gektar yer o‘zlashtirilib, tokzor tashkil etildi. Davlat tomonidan berilgan subsidiya asosida artezian quduqlar qazildi va tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda dastlabki yil ekilgan toklar hosilga kirgan bo‘lsa, yangi bog‘lar orasida poliz va sabzavot ekinlari yetishtirilmoqda.

– Bu yerlar shu paytgacha chorva uchun yaylov edi, – deydi mehnat faxriysi Kubay Ismoilov. – Odamlar xafsala qilsa, ozroq yerga lalmi bug‘doy ekardi. Bu ham tavakkal edi – yomg‘ir-qor yog‘sa, hosil olar, bo‘lmasa urug‘lik va mehnatiga kuyib qolaverardi. Osmonga qarab qolgandik-da. Endi qarang, cho‘lni ham bo‘ston qilsa bo‘lar ekan. Davlat mehnat qil, daromad top, deb subsidiya beryapti, suv chiqarib, bog‘ qilish uchun imkoniyat yaratyapti. Buning qadriga yetish kerak. Besh-o‘n yil oldin shu yerda bog‘ qilish, uzum yetishtirish, sabzavot, poliz ekinlaridan mo‘l hosil olish mumkin, desa birov ishonmasdi. Mana endi bu joylarni ko‘rib ko‘z quvonadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 25 yil davomida uzumzorlar uchun atigi 600 gektar yer ajratilgan ekan. Keyingi besh yil davomida esa 7 ming gektar yer o‘zlashtirilib, tok ko‘chatlari ekilgan. Bu ishlarning barchasi berilgan subsidiyalar va imtiyozlar tufayli amalga oshirildi.

– Shu paytgacha ishsiz edim va xorijga ishga ketsammi, degan istagim bor edi, – deydi Qo‘rolos mahallasida yashovchi Abduxalil Jalolov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga yer ajratib berish boshlangach, men ham 1 gektar yer olib, uzum-bog‘ tashkil qildim. Artezian suv chiqarib berishdi. Hozir tok ko‘chatlari orasida poliz ekinlari yetishtiryapman. Ikki-uch yilda o‘z yo‘limni topib, daromad qilishni boshlayman. Yana uch nafar tengdoshlarimni yonimga olib, birgalikda ishlaymiz, yerimizni kengaytiramiz.

Uch avlod uchrashuvi qatnashchilarining suhbati yangidan obod etilgan Qo‘rg‘on qishlog‘idagi mashhur baxshi Ergash Jumanbulbul majmuasida bir piyola choy ustida davom etdi.